20:08 / 23.03.2020
24353
Jumani uyda o‘qish hukmi, balo kelganda tavba-istig‘for. Homidjon domla Ishmatbekov bilan suhbat

Juma namozini uyda o‘qishlik hukmi, balo kelganda gunohlorga tavba va Allohga iltijo bilan duo qilishning foydalari, Payg‘ambarga salavot aytish duoning qabul bo‘lishi kafolati ekani. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov shu kabi mavzularda so‘z yuritdi.

Covid-19 tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin choralari kuchayib bormoqda. Kun.uz muxbiri shu mavzuda aholini qiziqtirayotgan qator savollarga javob olish uchun O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov bilan suhbatda bo‘ldi.

Juma namozini 3-4 kishi uyda o‘qish mumkinmi?

Homidjon domla Ishmatbekov

– Bismillahir rohmanir rohiym! Alhamdullilah, vassolatu vassalamu ala rasulillah! O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ulamolar kengashining jamoat namozlari, hatto juma namozlarini vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha fatvosi xalqimizni, musulmonlarni yurtimizga kirib kelgan vabodan saqlash maqsadida qabul qilindi.

Juma namozlari, jamoat namozlarini vaqtinchalik to‘xtatish, uylarda o‘qishlik tavsiyasi hamma uchun.

Juma namozini 3-4 kishi bo‘lsak ham, uyda o‘qib olsak bo‘ladimi, degan savollar bizlarga ham berilmoqda. Shu narsani biz yana bir karra mo‘min-musulmonlarga tushuntirib qo‘yishimiz kerak bo‘ladiki, besh vaqt namozni ikki kishi bo‘lsa ham o‘qisa, jamoat sanaladi. Uyida, o‘z oilasi bilan jamoat bo‘lib o‘qisa, nur ustiga nur.

Ammo, juma namozining o‘qilishida faqatgina jamoat hozir bo‘lishi kifoya emas. Uning alohida shartlari bor. Juma o‘qiladigan joy katta bir jome bo‘lishi kerak. Juma namozi o‘qishga davlat tomonidan va muftiy tomonidan ruxsat bo‘lishi kerak. O‘sha ruxsat berilgan joydagina, juma namozi ado qilinadi, degan shartlar bor.

Ruxsat berilmagan joyda juma o‘qilsa, jumaga o‘tmaydi, degan masalalar bor. Shuning uchun, fatvoda ochiq-oydin aytildiki, 3-4 kishi emas, 10 kishi bo‘lsa ham, keling, bugun juma ekan, uning savobini topaylik, deb, juma namozini ado etsa ham, u ruxsatsiz o‘qilgan qatoriga kiradi.

Payg‘ambar alayhissolati vasallamning bir hadislari bor:

«Sog‘lom odam, muqimlikda qilayotgan ibodatiga Alloh taolo qancha ajr bergan bo‘lsa, safarga chiqqanida yoki bemor bo‘lib qolganida qilgan ibodatiga, sog‘lig‘ida, muqimligida qilgan mukammal ibodatining savobi beriladi», – deganlar.

Alloh, namozni o‘tirib o‘qiyapti, ruku-sajdasini to‘liq qilmayapti, shuning uchun, bunga yarim savob beraman, demaydi. Chunki banda o‘z holatidan kelib chiqib ibodatini ado etmoqda. Shuning uchun, xotirjam bo‘lishsinki, uylarida yolg‘iz o‘qiyotgan namoziga, qani endi, masjid ochiq bo‘lsa-yu, jamoatda o‘qisam, deb niyat qilib turibdimi, unga o‘sha 25ta yoki 27ta savobni beradi. Chunki, banda o‘z ixtiyori bilan masjiddan yoki jumadan qolayotgani yo‘q.

Tarixda jamoat namozlaridan to‘xtatib turishga doir misollar bormi?

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shu darajada jamoatga targ‘ib qilganlarki, «men bir odamni imomlikka tayinlardim-da, uyma-uy yurib, jamoatga chiqmaganlarga qattiq munosabat qilgan bo‘lardim», degan mazmunda hadislari bor.

Ya'ni, farovon paytda, imkoniyat bo‘lsa-yu, dangasalik qilib jamoatga chiqmaganlarga tahdid qilganlar. Lekin, payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam qattiq yomg‘ir yoqqanda, qattiq sovuq bo‘lganda, namozga kelmay qo‘yaveringlar, degan ma'noda «sollu fi rihalikum» – «namozni uyingizlarda o‘qinglar» deb aytardilar.

Abdulloh ibn Abbosdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bu voqea payg‘ambarimizdan keyingi davr, tobeinlar davrida bo‘lgan. Qattiq sovuq bo‘lgan kunlarning birida ibn Abbos azon aytayotgan muazzinga «hayya alas solah, hayya alal falah» – «namozga kelinglar, najotga kelinglar», degan jumlalar o‘rniga, «namozni uyinglarda o‘qinglar deb aytgin» deb muazzinga tayinladilar.

Atrofidagi ayrimlar, nega odamlarni namozga chaqirish lafzini o‘zgartirib, uyinglarda o‘qinglar, deb jamoatga kelishni inkor qilyapsiz, deganlarida, hazrat ibn Abbos aytdilarki, bu ishim mendan sodir bo‘ldi, deb o‘ylayapsizlarmi, vaholanki, buni mendan ko‘ra afzalroq bo‘lgan Rasululloh qilganlar.

Islomdagi qiyos ilmi haqida

Islomda qiyos degan narsa bor. Juda sovuq yoki juda qattiq jala yoqqanda aytilgan narsaning hozirgi koronavirus epidemiyasiga, karantin holatiga nima daxli bor, deyish mumkin. Ammo bu – ilmsizlik oqibatidan kelib chiqadigan savol. Qur'oni Karimda, payg‘ambarimiz alayhissolati vasallamning hadislaridagi bir voqea keyingi davrda yuzaga keladigan o‘xshash voqealar yechimi uchun olinadi.

Men sog‘man, tan-u jonim sog‘ bo‘lsa, menga qo‘yib beraversin, ana kasalni davolasin, deydiganlar ham bo‘lishi mumkin. Kechirasiz, kecha sog‘ bo‘lib turganning bugun kasali chiqib qolyapti. Bu – ko‘pga kelgan to‘y. Bu yerda har bir fuqaro, har bir inson shu vaboga mubtalo bo‘lmasligi yoki keng tarqalmasligi uchun o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

Hissa qanday bo‘lishi kerak?

Hissasini qo‘shish degani, birinchi navbatda, nima tavsiya qilinayotgan bo‘lsa, shuni bajarish kerak. Demak, birinchi navbatda ehtiyojsiz, zaruratsiz ko‘chaga chiqmasin. Bozor-o‘chardan boshqa zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslik darkor. Shuning uchun ommaviy tadbirlar to‘xtatildi, jamoat namozining to‘xtatilishining sababi ham shu. Kerak-nokerak ko‘chaga chiqib, biror joylarga borish ham shu xavfning ehtimolini ko‘paytiradi.

Ikkinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har kuni televideniyeda har xil ko‘rinishda o‘zining salomatligi uchun qo‘lini yuvish, muloqot qilganda yuzini to‘sish, yeyish-ichishda ham tozalikka rioya qilish qat'iy ekani, har xil saqlaydigan vositalardan foydalanishni tavsiya qilyaptimi, unga so‘zsiz amal qilishimiz kerak.

Shunda infeksiyaning birovlarga o‘tishi yoki o‘ziga o‘tishining oldini olishga hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Xorijdagi vatandoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari haqida

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning ham tabobat bo‘yicha Alloh bildirgan ilmlari bo‘lgan. Nabaviy tibbiyoti deyiladi. 500ga yaqin tibbiyotga oid hadislar vorid bo‘lgan. Ulamolar alohida kitob qilib bitishgan.

Shular orasida vabo haqida ham hadis kelgan. Mazmuni quyidagicha: «Vabo chiqqan joyni eshitsangiz, u yerga kirmang, agar bir shaharmi, qishloqmi vabo tarqabdi desa, o‘sha yerda ishingiz bo‘lsa ham to‘xtab turing, bormang. Lekin siz turgan joyda birdan vabo tarqasa, bu yerda siz musofir bo‘lsangiz ham vaqtinchalik turgan bo‘lsangiz ham, toki, shu vabo barham topmaguncha, bu yerdan chiqmang, vataningizga bo‘lsa ham qaytib bormang».

Chunki, siz bu yerdan o‘sha narsani olib ketasiz, bilmaysiz, balki siz his qilmayotgandirsiz, lekin bu har xil bo‘lishi mumkin. Vabo deganda birdaniga oshkor bo‘lmas, ertaga 15-20 kundan keyin, borganingizdan keyin, qanchadir odamlar bilan muloqot qilib qo‘yganingizdan keyin oshkor bo‘lib qolsa, qancha insonlar xastalanishiga siz sababchi bo‘lib qolasiz.

Bu haqiqatda isbotini topyapti. Kelgan odamlarni izolyatsiya qilyapti. Boshqa odamlarga qo‘shmayapti, 14-15 kun boshqa joyga olib borib, tekshirib, ularda virus yo‘qligiga ishonch bildirilgach, ruxsat beryapti. Hozirgi tibbiy ilm shu narsani isbotladiki, bunday (ehtimoliy) kasallangan kishilarni tekshirmasdan xalq orasiga qo‘yib bo‘lmaydi.

Mana, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘zimiz tushib qolyapti: aeroportda qolib ketdik, kabi gaplarni aytishmoqda. Balki ular ish bilan, o‘qish bilan yoki biror xizmat yuzasidan borgandir. Bildiki, O‘zbekistonga bu virus kirib keldi. E'tibor beradigan jihati, bu ham xorijdan kelganlar bilan kirmoqda, bizda yo‘q edi. Bu endi, hammamiz uchun kelgan to‘y, sabr qilish kerak, ozgina fidoyiligini namoyish qilish kerak. Balki, qiyinchilik bo‘lsa-da, sabrsizlik qilmasdan, o‘sha yoqda ishini davom ettirib turar.

Shunday bo‘lsa-da, hukumat kelmoqchi bo‘lgan fuqarolarga charter samolyotlar parvozini tashkil etmoqda. Barcha joyda transport qatnovi to‘xtagan bir pallada, kelmoqchi bo‘lganlarning hisobini olishga ham vaqt kerak. Lekin, 1-2 kun sabr qilolmaganlar ijtimoiy tarmoqqa chiqib, qiynalib ketganidan jar solmoqda.

Buning o‘rniga, har kim, og‘ir bo‘lsa-da, o‘z hissasini qo‘shishi kerak, bu narsalar bartaraf bo‘lgunicha. Shunda yuqorida eslab o‘tganimiz hadisga muvofiq, ish qilgan bo‘lardik.

Musibat yoki qiyinchilikda qilinadigan tavba-tazarru, istig‘for haqida

Avvalo, biz doimo Alloh taologa duo qilib, iltijo qilib yurishimiz kerak. Ayniqsa, inson boshiga mushkul ish tushsa, u xudojo‘y bo‘lib qoladi. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vasallam ham qiyinchilik vaqtlarida Allohga ko‘proq duo qilishni tavsiya qilganlar.

Alloh taolo Qur'oni Karimda insonning boshidan mushkulotlar ko‘tarilishi, hayotining yanada farovon bo‘lishi, osmon-u yerlardan barakotlar nozil bo‘lishi, insonning mol-mulki va bola-chaqasi ko‘payishi uchun sabab bo‘ladigan narsa duo ekanini o‘rgatgan.

Qur'onda: «Robbingizga tazarru bilan istig‘for ayting», ya'ni istig‘for ham duo, ya'ni gunohlarimni kechirgin, mag‘firat qilgin Allohim, deb ko‘p ayting, ana o‘shanda, «Alloh sizning gunohlaringizni kechiradi, sizga mol-mulklarni ko‘paytirib beradi, osmonlardan yomg‘irlar yog‘dirib, yerlardan barakotlar chiqaradi, daryolarni serob qiladi, mevalarni ko‘paytiradi», deydi Alloh taolo. Ya'ni, butun mana shu hayotimizning farovon, to‘kin-sochin bo‘lishini mana duoga bog‘lab qo‘ymoqda.

Hasan Basriy degan tobein, ulug‘ zot bo‘lganlar. U kishining yonlariga bir kishi kelib, kambag‘allikdan, hayotda ro‘shnolik ko‘rmaganidan shikoyat qilganida, ko‘p istig‘for aytishni tavsiya qilganlar. Ikkinchi bir kishi, befarzandligini aytganida, unga ham istig‘for aytishni buyuradi. Uchinchisi, yurtidagi qurg‘oqchilikdan shikoyat qilganida, unga ham shuni tavsiya qiladi. Buni kuzatib turgan shogirdi, hammasi turli muammolar bilan kelishdi, siz bir xil narsani tavsiya qilmoqdasiz, desa, yuqorida o‘qiganimiz oyatni o‘qib beradi.

Yunus alayhissalom qavmi qissasi haqida

Payg‘ambarlardan ham o‘rnaklar bor. Yunus alayhissalomni baliq yutib ketadi. U kishi baliq qornida «Laa ilaha illa anta subhanaka, inniy kuntum minazzolimin», ya'ni «Yakka yagona bo‘lgan Alloh poksan, men o‘zimga zulm qildim» deya, gunohlarini kechirishini so‘rab, faqat shu duoni takrorlayveradilar, Alloh taolo baliqning qornidan chiqaradi.

Qavmi payg‘ambarni yolg‘onchiga chiqarib turgani bois, Yunus alayhissalom bu qavm qalbi ochilmadi, meni yolg‘onchiga chiqardi, uzoqdan kelayotgan bulutni serobchilik olib kelyapti, deb o‘ylashdi, aslida u balo edi, deya umidi uzilib, balo menga ham kelmasin, degan maqsadda shaharni tark etdilar. Shunda shahar aholisi tushunib, tavba qilgandi, Alloh ulardan yaqinlashib kelayotgan muqarrar baloni daf qilib yubordi.

Muhammad payg‘ambarga salavot aytishning foydalari

Payg‘ambarimiz «juma kuni menga ko‘p salavot aytinglar», deb buyurganlar. «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo unga 10 marta salavot aytadi, ya'ni 10ta gunohini kechiradi, 10ta savob yozadi», deganlar.

Salavotning xosiyati – gunohlarimiz kechirilishida, mushkullarimiz oson bo‘lishida, ofat-balolar ko‘tarilishi va duolarimiz qabul bo‘lishida. Payg‘ambarimiz «duoni Alloh qabul qilishi uchun menga salavot bilan boshlab, salavot bilan tugatinglar, salavot shubhasiz qabul bo‘ladi, shunda ikki salavot o‘rtasidagi duolaringiz ham qabul bo‘ladi», deb buyurganlar.

Duoni ixlos bilan qilish zarur

Qanday duo bo‘lishidan qat'i nazar, ixlos ham zarur. Farovonlikda, mo‘l-ko‘lchilikda yashab turgan odamdan ko‘ra, boshiga ish tushib turgan odamning duosi ko‘proq ixlos bilan chiqadi. Shuning uchun, mana bunday paytlarda ko‘proq duoda bo‘lishimiz kerak.

Ya'ni, inson duo qilganida, Alloh meni eshitib turibdi, so‘zsiz qabul qiladi, degan ixlos bo‘lishi kerak. Qani duo qilay-chi, qabul bo‘larmikan, kechadan buyon duo qilyapman, qabul bo‘lmayapti, kabi umidsizlik bo‘lsa, qabul bo‘lmaydi.

Payg‘ambar alayhissalomning hadislari bor: «Duoingiz qabul bo‘ladi, modomiki siz duoim qabul bo‘lmayapti, deb umidsizlikka tushmasangiz bo‘ldi», deganlar.

Biz duo qilamiz, uni qabul qilish va'dasini Alloh taolo bergan: «Allohga xushu'-xuzu' bilan, qalbingizdan xufyona duo qiling», degan. Yoki boshqa oyatlarda «menga duo qilinglar, ijobat qilaman», degan. Alloh taoloning va'dasi haq. Yetarki, inson umidsizlikka tushmasin. Shunga binoan, baloning daf bo‘lishi uchun duoni ham yoddan chiqarmaslik kerak.

Sadaqa raddi balo

Ofatni daf qiladigan vositalar qatorida duo dedik. Bundan tashqari, sadaqot ham baloni daf qiladi. Sadaqa berish bilan baloni daf qilinglar, degan mazmundagi hadislar bor. Yetim-yesir, muhtojlarning ko‘nglini ko‘tarib, kambag‘allarga yordam qilib, ayniqsa, boy-badavlat kishilar bo‘lsa, ehson qilishlik bilan Alloh taolodan baloni daf qilishni so‘rash ham bir vosita.

Shu ma'noda, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ham joylardagi vakilliklarga shunday bir tavsiya bilan chiqdiki, masjidlarda imkoniyatga qarab, balki homiylar yordamida qurbonliklar qilish, ularni muhtojlarga, kambag‘allarga tarqatish, Alloh taoloning kalomi – Qur'oni Karim xatmi Qur'on qilinsa, o‘qilgan joyga Allohning rahmati nozil bo‘ladi, balolar ko‘tariladi.

Xatmi Qur'ondan keyin qilingan duo ham so‘zsiz ijobat. Shu ma'noda, qorilarga xatmi Qur'on qilishlik tavsiya qilindi.

Albatta, keng xalq ommasiga ham, imkoniyati bor kishilar xoh Qur'on tilovati, zikr-salavot bilan mashg‘ul bo‘lsa, yon-veridagi insonlarga ixlos bilan imkoni darajasida sadaqot qilsa, mana shu ofat daf bo‘lishining katta bir omillaridan bo‘ladi.

Bu – dinimizda tavsiya qilingan, tajribalarda bo‘lib o‘tgan narsalarki, hozirgi paytda shu narsalarni amalga oshirishligimiz ayni muddao bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top