14:37 / 23.03.2020
5791
Korxona va tashkilotlar o‘z ishchilari uchun navbatchi avtobuslar qatnovini tashkil etishi mumkin

22 martdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transporti (avtobus, metro hamda yo‘nalishli taksi) qatnovlari vaqtincha to‘xtatilishi munosabati bilan korxona va muassasa xodimlarining ishga qatnashi borasida qator savollar paydo bo‘lmoqda. Transport vazirligi onlayn brifingda bu boradagi savollarga javob berdi.

Vazirlik matbuot kotibi Navro‘z Ashirmatovning so‘zlariga ko‘ra, jamoat transporti faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror 21 mart kuni qabul qilinishida ish haftasi 24 mart kunidan boshlanishi inobatga olingan. Aynan shu vaqt oralig‘ida tashkilot va muassasalar rahbarlari vujudga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, xodimlari ishxonalarga kelish-ketishini tashkil etish bo‘yicha masalalarni hal etishiga imkoniyat yaratildi.

«Tashkilotlar tomonidan xodimlarini ish joylariga keltirish va uyiga qaytarish bo‘yicha transport logistikasida muammolar paydo bo‘lsa, ishni xodimning uyidan masofaviy tashkil etish yoki xodimlarni ta'tilga chiqarish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Shuningdek, korxona va tashkilotlar o‘z xodimlari ishxonalarga kelish-ketishini tashkil etish bo‘yicha navbatchi avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasida «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatiga murojaat etishlari mumkin», deya Navro‘z Ashirmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrida transport vositalari harakatlanishiga joriy qilingan cheklov faqat jamoat transport vositalariga tegishli bo‘lib, korxona va tashkilotlar tasarrufidagi avtotransport vositalarining ish faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmaydi. Korxona va tashkilotlardan o‘z xodimlarini ishga olib kelish va uyiga olib borish jarayonida hamda xizmat vazifalarini bajarishda avtotransport vositalarini har kuni majburiy dezinfeksiya qilish, texnik va sanitariya talablariga tӯliq rioya qilishi talab etiladi.

«Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarga xizmat kӯrsatuvchi yuk avtomobillari harakatlanishi davom etadi. Shuningdek, pochta va kur'yerlik xizmati bilan shug‘ullanuvchi avtomashinalarga ham cheklovlar mavjud emas», deya qo‘shimcha qildi Navro‘z Ashirmatov.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrida jamoat transporti qatnovi vaqtincha to‘xtatilgani bois haydovchi va chiptachilar vaziyat barqarorlashgunicha o‘z hisobidan ta'tilga chiqariladi.

Ma'lum qilinishicha, jamoat transportlarida harkatlanish maqsadida aprel oyi uchun xarid qilingan oylik yo‘l chiptalari (proyezdnoy) to‘liq o‘z qiymatida qaytarib olinadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top