16:37 / 23.03.2020
12384
Qirg‘izistonda sobiq prezident Atamboyevni qo‘lga olish chog‘idagi tartibsizliklar bo‘yicha sud boshlandi

Ushbu ish bo‘yicha 14 kishi, jumladan Atamboyev, prezident apparati sobiq rahbari Farid Niyazov hamda parlament deputatlari Asel Koduranova va Irina Karamushkinaga ayblov e'lon qilingan.

Foto: TASS

Qirg‘izistonning Chuy oblasti Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sobiq prezident Almazbek Atamboyevni qo‘lga olish chog‘ida yuz bergan tartibsizliklar bo‘yicha sud ishi boshlandi. Bu haqda Bishkekdagi Pervomayskiy rayon sudi ma'lum qildi.

"23 mart kuni Pervomayskiy rayon sudida 2019 yil 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqish boshlanadi", - deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, ushbu ish bo‘yicha 14 kishi, jumladan Atamboyev, prezident apparati sobiq rahbari Farid Niyazov hamda parlament deputatlari Asel Koduranova va Irina Karamushkinaga ayblov e'lon qilingan.

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari 7-8 avgust kunlari Atamboyevning uyi joylashgan Qo‘y-Tosh qishlog‘ida uni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot o‘tkazgandi. Amaliyot davomida maxsus xizmatlar xodimlari Atamboyevning tarafdorlariga qarshi maxsus vositalar qo‘llashgan. Sobiq prezidentning tarafdorlari bunga javoban o‘t ochishgan. Atamboyev tarafdorlari, shuningdek, 6 jangchini garovga olishgan. 

Natijada bir kunga yaqin davom etgan to‘qnashuvlardan keyin Atamboyev taslim bo‘lishga qaror qilgan. Voqea vaqtida 136 kishi jabrlangan, bir jangchi halok bo‘lgan.

Top