23:47 / 24.03.2020
11595
BMT koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtiruvchi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh “Katta yigirmatalik” davlatlari yetakchilariga maktub yo‘llab, ularni koronavirus pandemiyasi ortida oziq-ovqat, tibbiy yordam va birinchi ehtiyojdagi buyumlarni yetkazishga to‘sqinlik qiluvchi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Bundan tashqari, bosh kotib tibbiy uskunalar, dori-darmon va epidemiyaga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan boshqa tovarlar yetkazilishiga ta'sir qiluvchi transchegaraviy savdoga cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan. 

“Bu alohidalanish emas, birdamlik vaqtidir. COVID-19 avval bo‘lmagan javobni – gumanitar inqiroz vaqtida “harbiy davr” rejasini talab qiladi. G20 rahbariyatida koronavirus xavflarini bartaraf etish uchun kuchli javob choralari paketi bilan chiqish imkoni bor. Bu dunyo xalqlari, ayniqsa kuchsizlari bilan birdamlikni namoyish qilgan bo‘lardi”, deb aytgan BMT bosh 
kotibi.

Guterreshning ta'kidlashicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahnamoligida koronavirus oqibatlariga qarshi kurashga javob berish mexanizmini yaratish zarur. Bu global javob choralarini kuchaytiradi va virusni to‘xtatish uchun ko‘proq imkon beradi.

G20 davlatlari yetakchilarining onlayn-sammiti 26 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Uning mavzusi koronavirus pandemiyasiga javob berishni muvofiqlashtirish masalasi bo‘ladi.

Avvalroq BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet koronavirus epidemiyasi ortida Eron, Venesuela, Kuba, Zimbabve va Shimoliy Koreyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarni to‘xtatish yoki yumshatishga chaqirgan.

O‘tgan hafta Eron rahbariyati BMT bosh kotibi va jahon yetakchilariga murojaat qilib, ulardan AQShning koronavirus epidemiyasiga qarshi samarali kurashishga imkon bermaydigan sanksiyalarini bekor qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarni faollashtirishga chaqirgan. Vashingtonda esa AQShning Tehronga qarshi kiritgan sanksiyalari insonparvarlik yordamini qamramasligi bilan javob berilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top