15:58 / 24.03.2020
5971
Bosh prokuratura xodimlari o‘z ish haqlarining bir qismini «Mehr-shafqat va salomatlik» fondiga o‘tkazib berdi

Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari ixtiyoriy ravishda o‘z ish haqlarining bir qismini fondga beg‘araz o‘tkazib berdilar

Prezidentning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni murakkab davrda xalq va butun jamiyat uchun ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasi bo‘ldi, deb yozmoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Mazkur farmonga asosan hozirgi sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida 10 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun budjetga to‘lanadigan soliq va ajratmalar miqdori keskin kamaytirildi, ba'zi yig‘imlarni hisoblash va to‘lash ma'lum muddatga to‘xtatildi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun belgilangan bir qator soliqlar bo‘yicha penyalar hisoblash to‘xtatilib, soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilmaydigan bo‘ldi.

2021 yilning 1 yanvariga qadar tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini soliq auditidan o‘tkazish ham to‘xtatib qo‘yildi.

Jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘i to‘lash muddati uzaytirildi, ularning xayriya tashkilotlaridan oladigan daromadlari soliqdan ozod qilindi.

Koronavirus sababli karantinga joylashtirilgan ota-onalar, shuningdek ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga nafaqa to‘lash belgilandi. Bunday shaxslar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlandi.

Infeksiyaga qarshi kurashga jalb qilingan shaxslarni ham har tomonlama rag‘batlantirishning samarali choralari belgilandi.  

COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda fuqarolarni ruhan qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga beminnat mablag‘lar tushmoqda.

Mazkur aksiya doirasida Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari ham ixtiyoriy ravishda o‘z ish haqlarining bir qismini mazkur fondga beg‘araz o‘tkazib berdilar.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top