18:24 / 24.03.2020
26390
«Erta kelishi uchun bugun uyda qolish kerak» – yangicha hayot tarzi haqida

Bloger Shahnoza Soatova telegramdagi kanalida mamlakatda e'lon qilingan karantin choralariga rioya etishga chaqiruvchi post qoldirdi.

«Zanjirni uz, uyda qol» deyapti hamma. Lekin buning nimaligini anglash uchun inson, har qanday inson, o‘zining shungacha bo‘lgan darajasidan bir pog‘ona yuqorilashi, yanada insonroq bo‘lishi kerak.

Sen boshqa odamlar uchun ham javobgarligingni bilish – bu biz uchun yangi va kerakli tajriba. Biz doim avvalo o‘zimiz uchun, o‘zimizning muhofazamiz uchun harakat qilganmiz. Endi boshqalarni muhofazalash – o‘zimizni muhofazalash bilan tengligini anglashimiz kerak. Bu bir tomondan ajoyib, boshqa tomondan esa hech birimiz o‘rganmagan odat. Lekin o‘rgansak, o‘zimizga foydaga qoladi. Xulosalarimiz muhim. 

***
Shifokorlar... Ular, shubhasiz, qahramonlar. Frontning old qatoridagi jangchilar. Ertaga bu balolardan eson-omon chiqib olsak, ular haqida dunyo bo‘ylab yuzlab asarlar va filmlar yaratilsa kerak. Ular orasida o‘zbek asarlari ham bo‘lishiga umidim bor. Lekin hozir ularga bemorlar va karantindagilardan ham qiyinroq. Karantindagilar muddat o‘tib chiqib ketishadi, kasallar, inshaalloh, tuzaladi. Ular esa shu balo butkul bartaraf bo‘lmaguncha har kuni ishda, o‘z jonlariga xatarni yelkalariga ortmoqlab juda muhim vazifalarini bajarishi kerak. Bemor keladi-ketadi, shifokor esa umuman epidemiya tugamaguncha shuning ichida. Shu sababli ham ularga qiyin. Shu kunga ularga qilgan munosabatimiz uchun, albatta, uyalyapmiz, afsuslanayapmiz. Lekin bu kam...

***
Kecha onamni arang qo‘shnining janozasiga chiqishdan qaytardim. «Ertaga ko‘z-ko‘zga tushsa, nima degan odam bo‘laman» deydilar. «Onam, o‘sha erta kelishi uchun, o‘sha odamning ko‘ziga ko‘zingiz tushishi uchun bugun uyda qolishingiz kerak. Sog‘-salomat ko‘rishishga yetkazsin» dedim. Onam janozaga chiqmadilar, ammo xafa bo‘ldilar, qon bosimlari ko‘tarildi... Men ham to‘g‘ri ish qilganimni bilsam-da, kun bo‘yi dilim xira yurdim. 

Ha, mentalitet bilan kurashish qiyin, balki befoyda. Lekin na iloj, chidaymiz-da. 

***
Virus bor, biz bor – uchinchi tomon yo‘q!

Virusni xorijdan olib kelganam – biz, karantindagilar ham – biz, kasallanganlar ham – biz, unga qarshi kurashayotganlar ham – o‘zimiz. Davlat ham biz, xalq ham biz.

Virus Xitoyniki, Italiyaniki, Fransiyaniki... emas, u ham umuminsoniy. Karantindagilar nafaqat o‘zlari uchun, biz uchun ham majburiy cheklovda o‘tirishibdi, ularga ham xayrixohlik va yordam kerak. 

Biz hamma uchun uyda o‘tiribmiz, hamma uchun (o‘sha hammaning orasida o‘zimiz ham bormiz).

Dunyoning qaysidir chekkasida laboratoriyada vaksina yaratish ustida bosh qotirayotgan olim yoki niqob tikib tekinga tarqatayotgan qo‘shnimiz, shifokorlarga bepul taom olib borayotgan saxovatpesha yoki o‘zida koronavirus borligidan shubhalanib laboratoriyaga borgan inson – hammasi biz uchun harakat qilyapti. Butun insoniyat bir butunga aylandi.

Yo virusga qarshi kurashayotganlar bilan birga bo‘lamiz, yo qirilamiz, boshqa tanlov yo‘q.

Shunday fikrlay boshlaganimizda, balki virus ham chekina boshlaydi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top