09:54 / 24.03.2020
14898

G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Ilhaq” filmini suratga olish ishlari yakunlandi

21 mart kuni rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligidagi suratga olish jamoasi “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan yaratilayotgan “Ilhaq” filmini suratga olish ishlarini yakunladi. Film Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning premerasi 9 mayda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Foto: minsknews.by

Real voqealarga asoslangan filmni suratga olish ishlari O‘zbekiston va Belarusda o‘tgan. Avvalroq bu haqda ma'lum qilingandi.

Belarusda suratga olingan front sahnalarida 120dan ko‘proq kishi ishtirok etgan, umumiy hisobda esa filmni suratga olish jarayoniga 2 mingdan ko‘proq kishi jalb qilingan. 

Film Ikkinchi jahon urushida farzandlarini yo‘qotgan onalar, ularning jasoratiga bag‘ishlangan. Filmning bosh qahramonlaridan biri - Toshkent viloyati Xonobod qishlog‘ida yashovchi Zulfiya Zokirova bo‘lib, ayaning urushda barcha 5 o‘g‘li halok bo‘lgan. 

Ikkinchi jahon urushidagi voqealar va unda askarlar, zobitlar va generallar ko‘rsatgan jasoratni esga olar ekanmiz, Vatanga o‘zi uchun eng qadrlisi – o‘z o‘g‘illarini fido aylagan onalarni esga olmaslikning iloji yo‘q.  

Film aynan shu maqsad – Vatan yo‘lida ulkan yo‘qotishni matonat bilan boshdan kechirgan onalar xotirasini abadiylashtirish maqsadida suratga olingan.

Film premerasi 9 may - Xotira va qadrlash kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid
Top