21:20 / 24.03.2020
28978
Hindistonning butun aholisi uch haftalik karantinga olindi

Aholi soni bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinda turuvchi Hindistonda 25 mart kunidan mamlakatning butun aholisi - 1,3 milliard kishi karantin holatida yashaydi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Narendra Modi ma'lum qildi.

Foto: Reuters

«Hindiston va har bir hindni saqlab qolish uchun uydan chiqish butunlay taqiqlanadi.

Biz virus tarqalishi zanjirini to‘xtatishimiz kerak, aloqa qilishdan saqlanish va odamlar bilan masofani saqlash – profilaktikaning eng yaxshi uslubidir. Kechasi uyingizdan chiqmasligingiz kerak. Bu har bir tuman uchun, har bir qishloq uchun ham taalluqlidir», –  deya Modining so‘zlarini keltiradi The Times of India.

U hatto «derazadan burunni chiqarish» ham odamlarning hayotiga xavf solishini qayd etib o‘tgan.

Modi hukumat koronavirusga qarshi kurash uchun 2 mlrd dollar ajratishi va Hindiston sog‘liqni saqlash tizimidagi ahvol yaxshilanishini ma'lum qilgan.

Karantin uch hafta davom etadi.

Reuters ekspertlarining qayd etishicha, Hindistonda dastlabki holatlar yirik shaharlarda qayd etilgan bo‘lsa, hozirda virus nisbatan kichik aholi yashash punktlariga ham kirib borgan. Chekka hududlardagi sog‘liqni saqlash tizimlari virus keng avj olishiga bardosh bera olmasligi mumkin. Hindiston hukumatining bu qarorigacha butun dunyoda koronavirus tufayli har beshinchi kishi – 1,7 milliarddan ortiq odam karantinda edi.

Shu kabi choralar avvalroq Nepalda va Pokistonning ayrim hududlarida joriy etilgandi. Koronavirus tufayli uyni tark etish Buyuk Britaniya aholisiga ham taqiqlandi, hukumat shu vaqtga qadar ko‘chalarda harakatni cheklashga jazm qilmayotgandi.

  • 24 mart holatiga ko‘ra, Hindistonda 519 kishida virusdan zararlanish holati qayd etilgan, shundan 10 kishi vafot etgan, 40 kishi tuzalib ketgan.
  • 22 mart kuni infeksiyaga qarshi kurash doirasida Hindistonda 14 soatlik komendantlik soati joriy etilgandi.
  • Pandemiya tufayli Hindistonda 31 martga qadar temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashish to‘xtatilgan. Bungacha mamlakatdagi poyezdlarda har kuni 25 million kishi tashilardi.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top