08:15 / 24.03.2020
20624

Ijtimoiy tarmoqda vahimali va yolg‘on ma'lumot tarqatgan shaxsga jarima jazosi tayinlandi

Bu shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya'ni 1 115 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi

Foto: IIB axborot xizmati

Ba'zi ijtimoiy tarmoqlarda respublikaning barcha hududlarida koronavirus pandemiyasi tufayli e'lon qilingan karantin vaqtida fuqarolarni vahimaga soluvchi va huquq-tartibotni buzishga undovchi mish-mishlar tarqalmoqda.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 20 mart kuni Surxondaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv hamkorlik boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar davomida Telegram messenjeridagi kanallardan birining foydalanuvchisi 20 mart kuni soat 12:38da guruhga koronavirus haqida odamlarni chalg‘ituvchi, jamiyatda vahima uyg‘otuvchi yolg‘on ma'lumot tarqatganligi ma'lum bo‘ldi.

Tezkor qidiruv hamkorlik boshqarmasi mas'ul xodimlari tomonidan qo‘shimcha olib borilgan tezkor surishtiruv ishlar natijasida Telegram messenjerida guruhga yolg‘on ma'lumot tarqatgan profil egasi va foydalanuvchisi Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanida istiqomat qilib, Termiz shahrida savdo shoxobchalarining birida sotuvchi bo‘lib ishlab kelayotgan fuqaro A.B. ekanligi aniqlandi.

Unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Ma'muriy ishlar bo‘yicha Termiz shahar sudiga yuborildi.

23 mart kuni Ma'muriy ishlar bo‘yicha Termiz shahar sudining qaroriga ko‘ra, fuqaro A.B. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 205-moddasida ko‘rsatilgan (Favqulodda holat tartibi sharoitida jamoat tartibiga tajovuz qilish) huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya'ni 1.115.000 (bir million bir yuz o‘n besh ming) so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

“Aziz fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli mazmundagi norasmiy ma'lumotlarga ishonmasliklaringizni so‘rab qolamiz”, - deyilgan xabarda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top