23:24 / 24.03.2020
9946
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i fuqarolarni karantin talablariga bepisand bo‘lmaslikka chaqirdi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Aziz Toshpo‘latov toshkentliklar va poytaxt mehmonlarini karantin talablariga bepisand munosabatda bo‘lmaslikka chaqirdi.

Foto: IIBB

“Bugungi kunda barchamiz noxush epidemiologik vaziyat guvohi bo‘lmoqdamiz. Ushbu vaziyatni yengib o‘tish uchun har birimiz mulohaza qilib va uzoqni o‘ylab ish tutishimiz: bordi-keldilarni cheklab, ijtimoiy aloqalarni qisqartirishimiz zarur.

Qayd etish lozimki, umumiy farovonlik har birimizga bog‘liq. Gap MUHIM narsalar bo‘lmish hayot va sog‘liq haqida ketganda, rejalar, uydan tashqaridagi ko‘ngilxushliklar, safarlar, muhim ishlar, ish yuzasidan yoki do‘stlar va qarindoshlar bilan uchrashuvlar ikkinchi darajali bo‘lishi kerak. Bugungi kunda barchamiz uchun salomatlikdan boshqa hech narsa ahamiyatga ega emas.

Men sizlardan vaqtinchalik cheklovlarni xotirjamlik bilan qabul qilishni va belgilangan talablarga rioya qilishni iltimos qilaman. Yuzaga kelgan noqulayliklar vaziyat talabi bo‘lib, noroziliklarga sabab bo‘lmasligi kerak, zero yangi talablar Sizning hayotingizni asrash uchun yo‘lga qo‘yilgandir. Ushbu cheklovlar bizga koronavirus infeksiyasining tarqalishini to‘xtatishda va uni yengishda yordam beradi”, deydi u.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i fuqarolarga uylarini zaruratsiz tark etmaslik, gigiyenaga rioya qilish zarurligini eslatgan va  karantin qoidalarini buzganlar ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, 23 martdan O‘zbekistonda yangi karantin choralari joriy etilgan, butun mamlakat bo‘ylab tibbiy niqobsiz harakatlanish taqiqlangan edi.

25 mart kunidan e'tiboran butun mamlakat bo‘ylab tibbiy niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortila boshlanadi.

Shu paytgacha karantin qoidalarini buzgan 3 kishiga jinoiy ish ochilgan, 4 kishi ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

 

Top