01:06 / 24.03.2020
72370
Toshkent shahrini viloyatlar bilan bog‘lovchi barcha postlar yopildi

23 martdan 24 martga o‘tar kechasi Toshkent shahriga transport vositalarining kirish va chiqishi to‘xtatilishi ma'lum qilingan edi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tungi soat 12da Toshkent shahrini viloyatlar bilan bog‘lovchi barcha postlar yopilib, poytaxtga kirish butkul to‘xtatilgan.

Xususan, Erkin yo‘l patrul xizmati maskanida jarayonni bevosita kuzatish uchun Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev ishtirok etishgan.

“Koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, 24 mart kuni soat 00:01dan boshlab Toshkent shahriga kirib keluvchi barcha muntazam yo‘l-patrul xizmati maskanlari, blokpost va to‘siqpostlar to‘liq yopildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib keluvchi 5 ta blokpost va 5 ta to‘siqpostlar to‘liq yopildi.

Fuqarolar tomonidan Toshkent viloyatida yashab turib, Toshkent shahriga qatnab ishlaydiganlarning shaharga kirishi taqiqlanadimi degan savollar ko‘p berilmoqda. Bugungi kunda Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turib, Toshkent shahrida ishlaydigan bo‘lsa, ushbu fuqarolarga ish beruvchilar tomonidan maxsus ruxsatnomalar berilgan taqdirda ularning shaharga kirishi va chiqib ketishlariga ruxsat berilgan. Shaharga kirish-chiqish vaqtida ushbu fuqarolar qat'iy tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi”, deydi IIV YHXBB axborot xizmati mutaxassisi Azizxon Murodov.

IIV YHXBB axborot xizmati mutaxassisi Azizxon Murodov

Avvalroq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Qodirov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi maxsus shtabida tashkil etilgan brifingda karantin davrida viloyatlarda ilgari faoliyat yuritgan yo‘l harakati xavfsizligi maskanlari faoliyati vaqtincha tiklanishini aytgan, yuzaga kelayotgan muammolarni tizimli bartaraf etish maqsadida bu chorani qo‘llanishini bildirgan edi.

Postlarning vazifasi Toshkent shahriga kirib kelayotgan avtomobil haydovchilariga harakat cheklangani haqida (yangiliklardan bexabar bo‘lsa) axborot berishdir. Vazir o‘rinbosari har bir viloyatdagi yo‘l patrul xizmati maskanlarida ogohlantiruv va ma'lumot berish tizimini yo‘lga qo‘yilishi, maskanlarda Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlari birga hamkorlikda xizmat olib borishni ta'kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, viloyatlar chegaralaridagi nazorat postlari prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yildagi parlamentga murojaatidan so‘ng olib tashlangan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top