18:42 / 25.03.2020
14295
645ta holatda mahsulot narxi asossiz ko‘tarilishi aniqlangan - Erkin Yo‘ldoshev

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev AOKA shtabida tashkil etilgan brifingda tovarlarni qimmat narxda sotish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Bunda asosiy e'tibor tadbirkorlar muammolarini hal etishga qaratilayotgani aytildi.

«Ishlab chiqaruvchi yoki ulgurji savdoda narx sun'iy oshirilsa, tabiiyki chakana savdoda ham narx ko‘tariladi. Shu bois muzlatkichli omborxonalar va ulgurji tarqatish bazalarida tovarlarni qimmat narxda sotish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda.

Narxlar oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun asosiy e'tibor tadbirkorlar muammmolarini hal qilishga qaratilmoqda. Birgina misol. «Bonanza Trade Export» MChJga chetdan O‘zbekistonga kartoshka olib kelish uchun 1 mln dollar miqdorida kredit ajratilishiga ko‘maklashildi.

Erkin Yo‘ldoshev

Temir yo‘llarda kartoshkani tashishda imtiyozli narx belgilanishi hamda O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasidan xulosalar olinishiga amaliy yordam ko‘rsatildi», deya Bosh prokuror o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, qisqa muddat ichida shunga o‘xshash 1400dan ortiq tadbirkorlik sub'yektlariga muammolarni hal qilish uchun prokuratura organlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Bosh prokuror o‘rinbosari iqtisodiyot tarmoqlari uzluksiz ishlashini qo‘llab-quvvatlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida 10 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilganini eslatib o‘tgan.

Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda un, o‘simlik yog‘i, shakar va qolipli non narxi asossiz oshirilishining oldini olish maqsadida birja savdolari ustida alohida nazorat o‘rnatilgan.

«Afsuski, nazorat tadbirlarida ayrim tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlari va tibbiy buyumlar narxini asossiz ravishda oshirib sotish holatlari ham aniqlanmoqda.

Hozirga qadar o‘tkazilgan tadbirlarda 645ta holatda jami 1 mlrd 735 mln so‘mlik mahsulotlar qimmat narxga sotilayotgani aniqlanib, ushbu mahsulotlar aholiga arzon narxda yetkazilishi ta'minlandi. Bunga yo‘l qo‘ygan 502 nafar huquqbuzarga nisbatan ma'muriy choralar ko‘rildi», deya qo‘shimcha qildi Erkin Yo‘ldoshev.

Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha bozorlar qoshida 27 turdagi tovarlarni sotish bo‘yicha arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi. Birgina Toshkent shahrida bunday yarmarkalarda jami 27 tonna go‘sht, 31 tonna kartoshka, 46 tonna piyoz, 54 tonna sabzavot,15,5 tonna poliz, 20 tonna ho‘l meva va 2,5 tonna guruch mahsulotlarining sotilishi ta'minlangan.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev 25 mart holatiga dehqon bozorlaridagi narxlar haqida ham ma'lumot berdi.

«25 mart holatiga dehqon bozorlarida 1 kg mol va qo‘y go‘shti o‘rtacha 40 ming so‘mdan 45 ming so‘mgacha, tovuq go‘shti o‘rtacha 17 ming, kartoshka 2800 so‘mdan 4000 so‘mgacha, piyoz 1100 so‘mdan 1800 so‘mgacha, sabzi 1000 so‘mdan 1400 so‘mgacha, pomidor o‘rtacha 12500, bodring 9000, o‘simlik yog‘i 10200, paxta yog‘i 9500 so‘m, tuxum esa 500 so‘mdan 700 so‘mgacha, un 2 800 so‘mdan 3100 so‘mgacha, guruch 7000 so‘mdan 8 500 so‘mgacha, shakar 5500 va birinchi navli qolipli non 1500 so‘mdan sotilmoqda», dedi u.

Erkin Yo‘ldoshev narxlar barqarorligini ta'minlash uchun nazorat tadbirlari o‘tkazilib, unda ayrim tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlari va tibbiy buyumlar narxini asossiz ravishda oshirib, sotish holatlari ham aniqlangani, ana shunday huquqbuzarlarga nisbatan ma'muriy choralar ko‘rilganini aytib o‘tdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top