11:55 / 25.03.2020
54581
Istanbuldan Farg‘onaga uchib kelgan charter reys yo‘lovchisi insultdan vafot etdi

25 mart kuni charter reys bilan Istanbuldan Farg‘onaga uchgan 63 yoshli fuqaroga bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

«Shu yilning 25 mart kuni charter reys bilan Istanbuldan Farg‘onaga uchgan nogironligi bo‘lgan 63 yoshli fuqaro F.ning ahvoli samolyotda og‘irlashgan. Unda yurak yetishmovchiligi, oyoq va qo‘llarida harakatsizlik kuzatilgan. Bu haqda xabar olingach, Farg‘ona shahar xalqaro aeroportiga maxsus jihozlangan reanimobil tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib kelgan.

Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Mashina ichida unga yurak, nafas tizimini yaxshilash uchun muolajalar bajarilib, defibrilyatsiya amaliyoti tezkorlik bilan o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha o‘tkazilgan muolajalarga qaramasdan, bemor vafot etgan.

Unga bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, 25 mart kuni soat 07:30da «Istanbul-Farg‘ona» charter reysi orqali Turkiyaning Istanbul shahridan jami 244 kishi ( shundan 243 nafari O‘zbekiston fuqarolari va 1 nafari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan ayol) Farg‘ona xalqaro aeroportida kutib olindi.

Farg‘ona xalqaro aeroportida mazkur fuqarolarda belgilangan sanitariya talablari asosida zararsizlantirish ishlari o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasida tana harorati yuqori bo‘lgan fuqarolar aniqlanmagan.

Turkiyaning Istanbul shahridan Farg‘ona viloyatiga olib kelingan fuqarolar maxsus ajratilgan 12ta avtobus va 2ta yuk mashinasida endemik davlatlardan olib kelingan fuqarolarni joylashtirish maqsadida tayyorlangan Oltiariq tumanidagi «Qiziltepa» faxriylar sihatgohiga joylashtirilgan va to‘liq tibbiy kuzatuvga olingan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top