22:54 / 25.03.2020
17008
Jamoat joylarida niqob taqish talabiga qanchalik rioya qilinmoqda?

16 martdan O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi karantin choralari e'lon qilingan bo‘lsa, 25 martdan e'tiboran jamoat joylarda yurgan fuqarolar niqobda bo‘lishlari shart qilib qo‘yildi. Toshkent shahri, Nukus va viloyat markazlaridagi jamoat joylariga niqobsiz chiqqan holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilandi. Ya'ni, birinchi marta niqob taqmaganda 223 ming so‘m, ikkinchi marta uchun 669 ming so‘m jarima solishga asos bo‘ladi.

Xo‘sh, Toshkent shahrining jamoat joylarida yurgan fuqarolar bu talabga qay darajada bo‘ysunishmoqda?

Bugungi kunda shaharning asosiy jamoat joylari bo‘lgan bozorlarda xaridorlar va sotuvchilar niqob taqishmoqdami, degan savolga javob olish maqsadida Toshkentning Chilonzor savdo markazi, Farhod va Chorsu dehqon bozorlarida bo‘ldik.

Umuman olganda, aksariyat hukumat talabini to‘g‘ri qabul qilgani, ko‘rilayotgan choralar zaruriy ekanligini aytishdi hamda birinchi galda o‘zlari va o‘zgalarning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish vajidan niqob taqayotganlarini ta'kidlashdi.

Biroq, bozorda va bozor atrofidagi hududlarda niqobsiz yurgan fuqarolar ham ko‘zga tashlandi. Ularning ba'zilari, kameramiz obektivini ko‘rgach, niqoblarini taqqan bo‘lsa, ayrimlari qiynalib ketayotganini bahona qildi.

Xullas, shahar bozorlari va ko‘chalarda niqob taqish talabi deyarli inkorsiz bajarilmoqda, deyish mumkin.

Shu bilan birga, eslatib o‘tmoqchimiz, jamoat joylarida niqobsiz yurganlar ishi sudda ko‘rilib, jarimalar belgilanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top