00:38 / 25.03.2020
18186

Joriy neft inqirozi 100 yil ichidagi eng yomoni deb ataldi

Foto: Getty Images

Dunyoda bir necha oy ichida neft omborlari va supertankerlar arzon neftga to‘ladi va shundan keyin neft yanada arzonlashishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, joriy neft inqirozi oxirgi 100 yil ichidagi eng yomoni hisoblanadi. Biroq vaziyat bundan ham yomonlashishi mumkin, chunki tez orada neft iste'moli qisqarishi kutilmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, neft bozoriga salbiy ta'sir qilgan birinchi omil koronavirus sababli butun dunyo bo‘ylab ishlab chiqarishning to‘xtatilishi, davlat chegaralarining yopilishi va aviaaloqaning to‘xtatilishi bo‘ldi. Ikkinchi salbiy omil esa Rossiya va Saudiya Arabistonining OPeK+’ning neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuvidan chiqishi hisoblanadi. Buning natijasida neft narxi oxirgi 20 yil ichidagi minimum qiymatgacha tushib ketdi.  

Shu bilan birga, tahlilchilarning fikricha, neft bozori yanada qulashi mumkin. Odatda kuniga 100 mln barrel darajasida ushlanib turuvchi neftning dunyo bo‘yicha iste'moli yaqin oylarda 10-25 foizga qisqarishi mumkin. Bir necha oy ichida neft omborlari arzon neft bilan to‘lib-toshadi. Xuddi shu kabi holat neftni saqlash uchun qo‘shimcha quvvatlar sifatida qo‘llanuvchi supertankerlar bilan ham yuz beradi.

Buning ortida neft yanada arzonlashishi mumkin. Mutaxassislar Brent turidagi neft narxi 10 dollargacha yoki undan ham tushib ketishi mumkinligini aytishmoqda.

O‘tgan hafta Brent nefti narxi 2003 yildan beri birinchi marta 26 dollardan pastroqqa tushib ketdi. Shundan keyin ham neft narxi tushishda davom etib, 24,72 dollargacha pasaygan. Oxirgi savdolar ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Brent narxi 28 dollardan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid
Top