14:10 / 25.03.2020
10244

Mahkumlar oila a'zolari bilan ko‘rishishiga ruxsat berilmaydi - Vazirlik

Ichki ishlar vaziri matbuot xizmati kotibi Shohrux G‘iyosovning ma'lum qilishicha, karantin tufayli qamoqxonalardagi mahbuslar oila a'zolari va yaqinlari bilan uchrasha olmaydi. 

«Yurtimizdagi jazoni ijro etish muassasalarining barchasi karantin rejimiga o‘tkazilgan.

Mahkumlarga yaqin qarindoshlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar berilishi vaqtincha to‘xtatildi. Buning o‘rniga ularning xohishiga qarab telefon orqali aloqa o‘rnatish ta'minlandi.

Bundan tashqari, xodimlarning xizmat xonalari, shu bilan birga mahkumlar ko‘p vaqtini o‘tkazadigan joylar, xususan, yotoqxonalar, oshxona va uchrashuvxonalarni shamollatish, namli tozalash hamda kvarslash ishlari va dezinfeksiya tadbirlari har 4 soatda amalga oshirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, tergov hibsxonalarga kirayotgan advokat, tergovchi va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tekshirilib, tana harorati ko‘tarilgan yoki shamollash alomatlari kuzatilgan shaxslarni hibsxona hududiga kiritilmasligi tashkillashtirildi.

Vaziyatdan kelib chiqib, tergov harakatlari bilan bog‘liq harakatlarni masofaviy amaliyotga o‘tkazilishi mumkin», dedi u AOKA qoshidagi koronavirusga qarshi tashkil etilgan shtabda o‘tkazilgan brifingda.

Vazirlik vakili karantin paytida Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda o‘tganlarning muddati tugasa, qayta ro‘yxatdan o‘tish uchun nima qilish kerakligi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytardi. 

«Karantin cheklovlari davrida, 24 martdan boshlab ichki ishlar organlari aholiga xizmat ko‘rsatish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu holat yo‘l harakati xavfsizligi hamda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish faoliyatiga ham bog‘liq. Ushbu faoliyat karantin choralari bekor qilingan vaqtdan keyin davom ettiriladi», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top