10:31 / 25.03.2020
2683
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi ma'lum bo‘ldi

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlar tasdiqlanadi

Foto: Getty Images/ William Whitehurst

Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma'muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislar bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari sifatida faqat sud eksperti faoliyat olib borishi mumkin. Sud eksperti faqat bitta nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faqat sud ekspertizasini amalga oshirish faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining firma nomida uning nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekanligi ko‘rsatilishi shart.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha shartnomaga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazishi mumkin. Tadqiqot natijalari bo‘yicha mutaxassis fikri beriladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti o‘zining mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqi asosidagi binoga, tegishli sud ekspertizasini xavfsiz amalga oshirishga imkon beradigan va standartlar talablariga mos bo‘lgan moddiy-texnik bazasiga ega bo‘lishi lozim. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini turar joyda amalga oshirish taqiqlanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud ekspertizasi shartnomaga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshiriladigan sud ekspertizasi narxlarini mustaqil belgilaydi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilmaganligi tekshirish obektlari va ish materiallarini ekspertiza o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda qayta sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshirilgan sud ekspertizasi xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasi, shu jumladan, komissiyaviy va kompleks sud ekspertizalari nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti respublikaning barcha hududlaridan, shuningdek, xorijiy mamlakatlardan olingan buyurtmalar asosida sud ekspertizasini amalga oshirish huquqiga ega.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda tegishli davlat sud-ekspertiza muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan ma'qullangan ilmiy-metodik qo‘llanmalarga, shuningdek, mustaqil tarzda ishlab chiqilgan va davlat sud-ekspertiza muassasalarida aprobatsiyadan o‘tgan metodikalarga rioya qilishi lozim.

Sud eksperti lavozimdan bo‘shatilganda, vafot etganda yoki belgilangan tartibda qasddan jinoyat sodir etishda aybdor deb topilganda yoxud qonun hujjatlariga muvofiq sud ekspertizasini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi boshqa holatlar yuzaga kelganda uning yurituvida bo‘lgan sud-ekspertiza ishi nodavlat sud-ekspertiza rahbari tomonidan boshqa malakali sud ekspertiga topshirilishi mumkin. Bu to‘g‘risida sud ekspertizasini tayinlagan organga darhol xabar beriladi.

Sud-ekspertiza ishini boshqa malakali sud ekspertiga topshirish imkoniyati bo‘lmaganda nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari uch kunlik muddatda tekshirish obektlari va ish materiallarini sud ekspertizasini tayinlagan organga qaytaradi. Bunda, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshirilgan to‘lovni shartnomaga muvofiq qaytaradi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni ekspertiza o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sud-ekspertizasi o‘tkazish uchun tushgan ish bo‘yicha tomonlarning birortasiga nisbatan affillangan shaxs bo‘lgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining sud ekspertiga bu ish bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazish taqiqlanadi.

Ish bo‘yicha ishtirok etayotgan tomonlarning affillangan shaxsi deb quyidagilar tan olinadi:

nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining mulkdori, muassisi, kuzatuv kengashi, ijro organi a'zosi, kreditori, sug‘urtalovchisi;

ustav jamg‘armasi (ustav kapitali)da nodavlat sud-ekspertiza tashkilotning yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertining ulushi bo‘lgan yuridik shaxs;

mazkur moddada ko‘rsatilgan shaxslar bilan yaqin qarindosh bo‘lgan shaxslar.

Top