23:55 / 25.03.2020
148508
Odam tanlamaydigan dard. Koronavirus yuqtirgan mashhurlar

25 mart kuni Bugun Buyuk Britaniya taxti valiahdi, qirolicha Yelizavetta II’ning to‘ng‘ich o‘g‘li, 71 yoshli shahzoda Charlzning koronavirusga topshirgan tahlil natijalari ijobiy chiqdi.

Foto: Pascal Le Segretain/Getty Images Europe

«Hukumat va tibbiyot tavsiyalariga asosan, shahzod va gersoginya (shahzodaning rafiqasi Kamilla Parker Boulz Kornualskaya) Shotlandiyadagi uyida karantinga olingan. Shahzodaning kimdan virusni yuqtirib olgani ma'lum emas, lekin so‘nggi haftalarda omma oldiga ko‘p chiqqani va haddan ziyod ko‘p topshiriqlarni bajargani tufayli koronavirus bilan kasallangan bo‘lishi mumkin», deyiladi Vestministr rezidensiyasi axborotida.

Yanvarda Xitoyning Uhan shahrida tarqala boshlagan koronavirus bugunga kelib dunyoning aksar mamlakatlariga kirib bordi. Xitoyning o‘zida virus chekinayotgan bir vaqtda Italiya, Ispaniya va Eron kabi davlatlar koronavirusning yangi tarqalish o‘choqlari aylangan.

  • 25 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda 190dan ortiq mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 460 mingdan oshib ketdi, shundan 113 mingdan ortiq kishi tuzalgan, 21 mingga yaqin kishi virus qurboniga aylangan.

Virusni yuqtirganlar orasida dunyoga taniydigan mashhurlar ham bor. Ha, virus odam tanlamaydi, unga nechta oltin medalingiz borligi, necha marta «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritganingizning qizig‘i yo‘q. U o‘zini ehtiyotlamagan har kimga yuqaveradi...

19 mart kuni Monako knyazi Alber II koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi. Grimaldi sulolasi vakillari ayni vaqtda knyazning ahvoli yaxshiligini bildirishgan. Virus Monako yetakchisining hayotiga xavf solayotgani yo‘q.

Monako knyazi Alber II
© Pierre-Emmanuel Deletree/Pool Photo via AP

Shu haftada Germaniya kansleri Angela Merkel ham koronavirus ehtimoli tufayli o‘zini izolyatsiya qilgandi. Uni 20 mart kuni emlab qo‘ygan shifokorda koronavirus tasdiqlangach, u shunday qarorga kelgan.

Hukumat rasmiysi Shteffen Zaybergning xabar qilishicha, so‘nggi kunlarda u ikki marta test topshirdi va ikki safar ham unda kasallik aniqlanmadi. Kansler payshanba kuni «Katta yettilik» va «Katta yigirmatalik» sammitlarida ishtirok etishga taraddudlanmoqda. Bu ikki sammit videoaloqa orqali o‘tkaziladi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqining ichki bozor masalalari bo‘yicha komissari Mishel Barne ham koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi. Barne Fransiyadagi o‘z uyida karantinda o‘tiribdi. U yevropaliklarni ehtiyot bo‘lishga va sababsiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirib, «virusga qarshi jangda faqat hamjihatlikda g‘alaba qozona olish mumkinligi»ni aytmoqda.

12 mart kuni Hollivud yulduzi Tom Henks va uning rafiqasi Rita Uilson Avstraliya safarida yurganida koronavirus yuqtirgani xabar qilingandi. Aktyor va uning rafiqasi Avstraliyadagi kasalxonalardan biriga yotqizilgan va davolash amaliyoti o‘tqazgach, 17 mart kuni uyiga javob berilgan.

Foto: EPA

«Salom, bolalar. Xushxabar! Bizda virus aniqlangandan bir hafta o‘tib men o‘zimni yaxshi his qilyapman. Virus kuchayib ketmadi, alomatlari hali ham o‘sha-o‘sha. Harorat ko‘tarilishi yo‘q, shunchaki o‘zimni biroz noqulay his qilmoqdaman. Yomon xabar shuki, karta o‘yinida xotinimga nuqul yutqazyapman», deb yozdi Tom Henks ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. «Forest Gamp» filmidagi roli bilan mashhur bo‘lgan bu aktyor postida hazillashganiga qaraganda ahvoli yaxshi.

Koronavirus Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo oilasini ham chetlab o‘tmadi. Tryudoning rafiqasi Sofi Greguar Britaniya safaridan qaytgach, unda kasallik alomati aniqlangan. Oqibatda Kanada bosh vaziri ham karantinga olindi, rafiqasini esa davolanishga yotqizishdi. Tryudo ayni jamda mamlakatni uyidan turib boshqarmoqda.

AFP / GETTY

Koronavirusdan britaniyalik aktyor Idris Elba ham qochib qololmadi. U bilan uchrashgan odamda koronavirus aniqlanganidan keyin aktyorning o‘zi ham vrachga boradi. Aktyor koronavirusni aniqlash uchun test topshirganda unda avvaliga virus alomatlari chiqmadi, shu bois u o‘zi koronavirusga chalingani haqida ilk xabarlar chiqqanida buni yolg‘on deb o‘yladi. Aktyorning muxlislari qora tanlilarga koronavirus yuqmasligi haqida ham yozib chiqishdi.

Aktyorning o‘zi koronavirusga chalingani aniq bo‘lgach shunday dedi: «Bu befahmlik, bu ahmoqlik, bu xavfli. Iltimos, hozir bunday xabar tarqatadigan vaqt emas. Odamlar faktlarni bilishlari va haqiqatni tushunishlari kerak. Yolg‘on xabarni tarqatishni to‘xtatinglar. Bu virus hamma uchun juda xavfli, qora tanlilar uchun ham».

Elbaning kasalligi yengil kechmoqda, unda faqat yengil shamollash bor, ammo aktyor surunkali astma bilan og‘rigani sabab xavfli bemorlar guruhiga kiritilgan.

«Men shundog‘am hayotim davomida astmadan qiynaldim, shuning uchun «toj»ni olish (tojdor virus deb ham ataladigan koronavirusni yuqtirishni nazarda tutilmoqda) mening rejalarimda yo‘q edi», deb hazillashdi aktyor CCN nashriga bergan intervyusida.

13 martda Mayami shahri meri Frensis Suares ham koronavirusga chalingani ma'lum bo‘ldi. Braziliya prezidenti Jair Bolsanaru bilan uchrashganidan so‘ng unga virus yuqqani aniqlangan. Qizig‘i, Bolasanaruda bu xavfli virus aniqlanmagan. Unda kasal qayerdan yuqdi deysizmi? Gap shundaki, Mayami meri bilan uchrashuvda koronavirusga chalinganini o‘zi ham bilmagan Braziliya prezidentning matbuot xizmati boshlig‘i Fabio Vayngarten ham ishtirok etgan. Frensis Suares virusni undan yuqtirgan.

Tanzaniyaning eng mashhur repperi Mwana FA (Xamis Mvinjuma) Janubiy Afrika Respublikasidan qaytganidan so‘ng o‘zida isitma va boshqa alomatlarni sezib test topshirishga borgach, unda koronavirus aniqlanadi. Kasalxonaga yotqizilgach repper o‘zining ko‘p millionli muxlislariga ijtimoiy tarmoq orqali videomurojaat yo‘llab, shifokorlar berayotgan ko‘rsatmalarga amal qilish, qo‘llarni doim sovunlab yuvib yurish, boshqalar bilan muloqot qilganda oraliq masofa saqlash va eng muhimi vahimaga tushmaslik haqida gapirgan.

Virus va futbol

Foto: Stuart MacFarlane/Arsenal FC via Getty Images

Avvaliga koronavirus immuniteti kuchli odamga yuqmasligi aytildi, lekin bu borada muammosi bo‘lmagan sportchilar, futbolchilar va sobiq futbolchilar ham virusni yuqtirib oldi.

12 mart kuni «Arsenal»ning 37 yoshli bosh murabbiyi Mikel Artetada koronavirus aniqlangan edi. Murabbiyda virus aniqlangandan so‘ng «Arsenal»ning barcha futbolchilari, murabbiylari va jamoa xodimlari karantinga olindi. Uning koronavirus yuqtirgani Angliya chempionatini muddatidan avval to‘xtatish uchun asosiy sabablardan biri bo‘ldi.

19 mart kuni murabbiying tuzalgani haqida xabar qilindi: «Mamnuniyat bilan xabar qilamizki, Mikel o‘zini yaxshi his qilmoqda va virusdan shifo topyapti. Uning kayfiyati yaxshi, keyingi rejalar yuzasidan murabbiylar shtabi va o‘yinchilar bilan doimiy muloqotda bo‘lib turibdi», deyildi klub rasmiy bayonotida. Mikelning rejalari o‘z yo‘liga, hozircha APL qachon qayta boshlanishi ham aniq emas.

Virus yuqtirgan mashhur futbolchilar orasida «Yuventus» yulduzi Paulo Dibala ham bor. Uning koronavirus yuqtirib olgani 21 mart kuni aniq bo‘ldi. Turin klubida Blez Matyudi hamda Daniele Rugani ham virus yuqtirgan. Shuningdek, Ezekel Garay, Patrik Kutrone, Elyakim Mangala, Manolo Gabbyadini, Kalum Hadson-Odoi, Charli Ostin, Marvon Fellayni kabi futbolchilarda ham virus aniqlangan.

Turkiyalik mashhur murabbiy Fotih Terim ham virusga chalingani ma'lum bo‘ldi.

«Real» klubining ikki sobiq prezidenti virus bilan og‘ridi. Lorenso Sans koronavirusdan halok bo‘ldi, «Real»ning yana bir sobiq prezidenti Martin Alvares ayni vaqtda kasalxonada. Uning ahvoli ham og‘ir deyilmoqda. Alvares 2006 yil Florentino Peres ketgach, «Real»ni boshqargandi.

Virus zabardast olimpiada chempionlarini ham cheklab o‘tmayapti. London olimpiadasi chempioni, janubiy afrikalik suzuvchi Kemeron Van der Burg butun dunyoni egallagan virusni yuqtirib olgani haqida tvitterda yozdi: «14 kundirki Covid-19 virusi bilan kurashyapman. Men sog‘lom hayot tarzida yashayman, ichmayman, chekmayman, yoshman, lekin virus meni chetlab o‘tmadi. Tanamni holsizlik qamrab olgan. Katta musobaqa oldidan virusga chalinish barcha yig‘inlarda to‘plangan kuchni yo‘qqa chiqaradi», deb yozdi olimpiada chempioni o‘z mikroblogida.

Dominikan respublikasi tashqi ishlar vaziri Migel Vargas unda virus alomatlari bo‘lmasa-da, test topshirgan: «Men o‘zimni yaxshi his qilayotgandim, lekin testlar menda virus borligini ko‘rsatdi. Shu bois karantindaman», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Koronavirus yuqtirib olgan bo‘lsada ishga chiqayotganlar ham topildi. Masalan, Odessa prokurori Sergey Pochenyuk 17 mart kuni Misrdan qaytib kelgan. Avvaliga u o‘zini yaxshi his qilgan, lekin vaqt o‘tib unda Covid-19 alomatlari paydo bo‘lgan. Odessa prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, prokuror izolyatsiyaga olingan, lekin ijtimoiy tarmoqlarda Pochenyuk 23 mart kuni sud jarayonida qatnashgani ko‘ringan suratlar tarqaldi.

Eronga koronavirus kirib kelganining ilk kunlarida ehtiyotsizlik ortidan bu davlatning bir necha nafar yuqori lavozimli amaldorlari virusni yuqtirib oldi. Jumladan, Eron sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Iroj Harirchi, shoshilinch tez tibbiy yordam rahbari Pirhusayn Kolivand, savdo vaziri Rizo Rahmoniy, Eron oliy rahbari Ali Xominaiy boshchiligidagi muvofiqlik Kengashi a'zosi Muhammad Mirmuhammadiy, Eronning Damashqdagi sobiq elchisi, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari va parlament spikeri maslahatchisi Husayn Shayxulislom ham koronavirus bilan kasallangan edi. Ulardan ikki nafari Husayn Shayxulislom va 71 yoshli Muhammad Mirmuhammadiy virus tufayli vafot etdi.

Koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi haqida ko‘plab xabarlar tarqalar ekan, ular orasida mashhur insonlarning koronavirus yuqtirib olgani haqida yolg‘on xabarlar ham tarqatildi. Masalan, Rim papasi Fransisk va mashhur aktyor Jyeki Chan koronavirusga chalingani haqida xabarlar o‘z isbotini topmadi.

1994-2000-yillarda Finlyandiya prezidenti bo‘lgan Martti Atxisaarining qonida 23 mart kuni koronavirus aniqlandi. 82 yoshli sobiq prezident 2008 yilda tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. BMTda faoliyat yuritadigan diplomat hozir o‘zini yaxshi his qilayotgani aytildi.

Ispaniyada ham virusga chalinganlar kun sayin ko‘payib bormoqda. Mashhur opera qo‘shiqchisi Plasio Domingo ham koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani aniqlandi. 79 yoshli mashhur operachi bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e'lon qilgan. Nufuzli «Gremmi» mukofoti sovrindori o‘zida kasallik belgilari paydo bo‘lgach, test topshirgan va kasallikka chalingani aniq bo‘lgan. Hozir u o‘z uyida oila a'zolari bilan birga karantinda turibdi.

Ana shunaqa gaplar. Virus hech kimni cheklab o‘tayotgani yo‘q. Shu bois bu menga yuqmaydi degan tushunchani unutib, ehtiyot bo‘laverish kerak...

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top