17:04 / 25.03.2020
21652
O‘zbekistonda AI-92 markali benzinning narxi 200 so‘mga pasaydi

Boshqa markadagi benzin mahsulotlari va dizel yoqilg‘isining narxlari ham bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.

Foto: KUN.UZ

“O‘zbekneftgaz” AJ UNG milliy brendi ostidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida AI-92 markali benzin va Yevropa standartlariga javob beruvchi dizel yoqilg‘isi sotuvini yo‘lga qo‘ygan, deb xabar bermoqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Bildirilishicha, 2020 yilning 1 martidan boshlab ushbu AYoQShlardagi dizel yoqilg‘isining narxi pasaytirilgan edi. Ertaga, 26 mart kunidan e'tiboran esa, AI-92 markali benzinning narxi 6200 so‘mdan 6000 so‘mga kamaytirildi.

“Iste'molchilarga ishonch bilan aytish mumkinki, boshqa markadagi benzin mahsulotlari va dizel yoqilg‘isining narxlari ham bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.

“O‘zbekneftgaz” avvalo, iste'molchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda, shuningdek, birja savdolarida benzin sotib olish xarajatlari kamaygani munosabati bilan benzinning narxini pasaytirib boradi”, - deyiladi ma'lumotda.

Narxlar masalasida ta'kidlanishicha, “O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali sotiladigan dizel yoqilg‘isining narxi xorijiy kompaniyalar tomonidan sotiladigan dizel yoqilg‘isi narxidan 9 foiz, AI-92 markali benzin narxidan esa 16,6 foizga arzon.

Bundan oldin, benzin narxi arzonlashishi kutilayotgani xabar berilgandi.

Top