21:21 / 25.03.2020
3399

O‘zbekistonda sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari vaqtincha to‘xtatildi

Lisenzion musobaqalarning sanalari aniq bo‘lgunga qadar milliy terma jamoa a'zolari o‘z uylarida individual reja asosida mashg‘ulot olib boradilar.

Foto: MOQ

Tokio-2020 Olimpiadasi 2021 yilda o‘tkazilishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng Olimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalari a'zolari uchun tashkil etiladigan barcha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari 25 martdan vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Bungacha mamlakat terma jamoalari a'zolarining XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun ularga biriktirilgan sport bazalarida rejalashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilgan edi.

Lisenzion musobaqalarning sanalari aniq bo‘lgunga qadar milliy terma jamoa a'zolari o‘z uylarida individual reja asosida mashg‘ulotlarni murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan kunlik tayyorgarlik rejalari asosida olib boradilar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “tezkor shtab” milliy terma jamoa sportchilarining individual reja asosida kunlik mashg‘ulot o‘tkazishlarini doimiy tarzda monitoring qilib boradi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, milliy terma jamoa bosh murabbiylari tomonidan masofali mashg‘ulotlar onlayn tarzda olib boriladi hamda vaziyatdan kelib chiqqan holda sportchilarni individual holatiga qarab kerakli maslahatlar berib borilishi ta'minlanadi.

Ma'lumot berilishicha, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanali bilan hamkorligida karantin davrida sog‘lom turmush tarziga amal qilgan holda sport bilan shug‘ullanib turish borasida aholi uchun tavsiya shaklida maxsus teledasturlar tayyorlanib efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, sport trenerlari ishtirokida uy sharoitida qay tarzda mashg‘ulotlar olib borish bo‘yicha maslahatlar aks etgan 10 daqiqalik videodarslar “Sport TV” telekanali orqali har kuni namoyish etib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar doirasida 16 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha ta'lim va sport muassasalari noma'lum muddatga yopildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz hududida o‘tkaziladigan barcha sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari hamda boshqa ichki musobaqalar ham noma'lum muddatga qoldirildi.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top