13:13 / 25.03.2020
21059
Tanqidga munosabat: Daryoga chiqindi oqizgan korxonaning bo‘yoq sexi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

21 mart kuni Kun.uz saytida «Ekologlar qayoqqa qarayapti? Oltinko‘l tumanidagi daryoda bir kun qizil, bir kun ko‘k suv oqmoqda» sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola e'lon qilingan edi.

Maqola va videolavhada Oltinko‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi Ulug‘nor kanaliga yaqin hududda faoliyat yurituvchi «KONTEKS-TASHKENT» korxonasi o‘z chiqindilarini oqizishi oqibatida suv o‘zanida «ekologik halokatli» holat yuzaga kelgani yoritilgan.

Andijon viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi maqola yuzasidan «KONTEKS-TASHKENT» jamiyatida o‘rganish o‘tkazdi va sayt tahririyatiga o‘rganish natijalarini taqdim etdi. Bo‘yoq sexi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan va korxona jarimaga tortilgan.

«Kun.uz saytida 2020 yil 21 mart kuni e'lon qilingan Andijondagi Ulug‘nor kanali ekologik halokat yoqasidaligi haqida maqola yuzasidan Oltinko‘l tumani Chinobod ko‘chasi hududida joylashgan «Konteks-Tashkent» korxonasining bo‘yoq sexi faoliyati o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, bo‘yoq sexida joriy yilning 13 mart kuni kunduzgi soat 12:00dan 14:00ga qadar elektr energiyasida uzilishlar yuzaga kelgan. Oqibatda suv tozalash inshooti ishlamagani sababli ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan oqova suvlar tozalanmasdan «Asaka tashlama»si kanaliga oqizib yuborilgani kuzatilgan.

Ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan Oltinko‘l tuman ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan shu kunning o‘zida jamiyat rahbariyatiga og‘zaki ogohlantirish berilgan.

Shuningdek, joriy yilning 16 mart kuni tuman DSENM bilan hamkorlikda №01/57-sonli rasmiy ogohlantirish xati berilgan.

Andijon viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan 21 mart kuni «Konteks-Tashkent» jamiyatining bo‘yoq sexi faoliyati to‘xtatilib, ochiq suv havzasiga tashlanayotgan oqova suvlarning chiqish jo‘mraklari berkitildi.

Maqolada ko‘rsatib o‘tilgan Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasining 2019 yil 24 dekabrdagi laboratoriya tahlili namunalari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga asosan me'yordan ortiqcha tashlanayotgan tashlamalar uchun korxonadan qo‘shimcha 6 mln 900 ming so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari undirib olingan.

Bo‘yoq ishlab chiqarish sexidan hosil bo‘layotgan chiqindi suvlarni belgilangan talab darajasiga keltirish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilib, tushuntirish ishlari olib borildi. Jamiyat rahbari Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan qo‘yilgan talablar to‘liq bajarilganidan so‘ng bo‘yoq sexi faoliyatini ishga tushirish bo‘yicha ogohlantirildi», deyiladi axborotda.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top