17:00 / 25.03.2020
9565

Umumiy ovqatlanish korxonalariga karantin davri uchun soliq imtiyozlari ma'lum qilindi

Umumiy ovqatlanish shoxobchalari uchun 1 oktyabrga qadar mol-mulk, yer va suv soliqlari bo‘yicha qarzdorlikning majburiy undiruvi to‘xtatib turiladi hamda penya hisoblanmaydi. Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Umumiy ovqatlanish korxonasi soliq to‘lovlarini qiynalib to‘lay olmay qolsa, yanvar, fevral, mart oylari o‘tdi, mana shu uch oy qilingan aylanmasi bo‘yicha hisobotini beradi. Hisobot bergandan keyin chiqadigan summani to‘lashga to‘g‘ri keladi. Bu aprel oyiga to‘g‘ri keladi.

Mana shu holatda qarzdor bo‘lib qolsa, tushumi yo‘q, soliqni to‘lay olmasa, qarzdorlik bo‘yicha majburiy undiruv chorasi ko‘rilmaydi. Unga penya ham hisoblanmaydi. Ya'ni soliqlarni vaqtida to‘lamaganda har bir kechiktirilgan kun uchun olinadigan foiz hisoblanmaydi», dedi Davlat soliq qo‘mitasi rais o‘rinbosari onlayn brifingda.

Fazliddin Umarov

Shuningdek, Fazliddin Umarov umumiy ovqatlanish shoxobchalarining karantin davrida xususiy obektdan foydalanganlik uchun ijara to‘lovini to‘lash tartibiga izoh berdi.

«Ijara shartnomasi 2ta sub'yekt o‘rtasida tuziladi va unga davlat idoralari aralashishi mumkin emas. Bu Fuqarolik kodeksida belgilab qo‘yilgan.

Hozirgi sinov davrida hammamiz bir tanu-bir jon bo‘lib jipslashishimiz kerak. Ijaraga bergan shaxs ham o‘zimizning fuqaro, tushunishi kerak deb hisoblaymiz», dedi u.

Fazliddin Umarov umumiy ovqatlanish faoliyatini taomlarni yetkazib berish (dostavka) orqali davom ettirishi mumkinligini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat hududidagi barcha umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilingan, respublikada mavjud 13 858ta umumiy ovqatlanish korxonasi (yoki filiali) to‘liq qamrab olinib, ularning faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi ta'minlangan edi.

Ma'lumot uchun, davlat mulki obektlaridan ijara shartnomasi asosida umumiy ovqatlanish, o‘quv markazlari, jismoniy tarbiya, sport, turizm va boshqa sohalarda foydalanib kelayotgan, ammo karantin sababli faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan tadbirkorlik sub'yektlariga 24 mart sanasidan boshlab, foydalanmagan davri uchun hech qanday ijara puli hisoblanmaydi va to‘lanmaydi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top