22:02 / 26.03.2020
6267
Eron va Afg‘oniston o‘zaro diplomatlarni chiqarib yubordi

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi kunlarda Afg‘oniston va Eron o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan va buning ortida ular o‘z hududlaridan o‘zaro diplomatlarni chiqarib yuborishdi.

Foto: Mehr

Afg‘oniston matbuotining ma'lum qilishicha, Afg‘oniston bir necha eronlik diplomatni chiqarib yuborgan. Eron o‘z navbatida bunga javoban o‘z hududidan ikki afg‘on diplomatini chiqarib yuborgan.

Ushbu diplomatik mojaroning sababi hanuzgacha tushuntirilmay kelinmoqda. Biroq Eron Afg‘onistonda o‘tgan prezident saylovlarining rasmiy natijalarini tan olmay kelayotgan tomonlardan biri hisoblanadi. Ushbu natijalarga ko‘ra Afg‘onistonning amaldagi prezidenti Ashraf G‘ani ikkinchi muddatga prezident deb e'lon qilingandi. Bundan tashqari, Afg‘onistondagi saylovoldi poygasi vaqtida Eron G‘anining saylovlardagi asosiy raqibi Abdulla Abdullani qo‘llab-quvvatlagani ma'lum qilingan.

Bu orada Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi eronlik diplomatlarning chiqarilib yuborilishiga izoh bermagan va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar “odatdagi yo‘sinda” davom etayotganini aytgan.

2 oy avval, eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishi sababli Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan vaqtda Eronning Kobuldagi elchisi Bahodur Amniyon Eron Afg‘onistonga hujum qilmasligini, biroq AQShning Afg‘onistondagi bazalariga hujum qilish-qilmaslik borasidagi qarorni rasmiy Tehron qabul qilishini aytgan.

Avvalroq Ashraf G‘ani yordamchilari Eronni Abdulla Abdullani qo‘llab-quvvatlashda ayblashgan. Biroq Eron Abdullaning qo‘llab-quvvatlanishi va afg‘on diplomatlari chiqarib yuborilishi bo‘yicha hali biror bayonot bermagan.

Top