22:17 / 26.03.2020
15720
«Favqulodda vaziyat sifatida ishlamasak, natijaga erisha olmaymiz» – Shavkat Mirziyoyev

26 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus masalasiga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘z olgan davlat rahbari mutasaddilarni ayni paytdagi holatga favqulodda vaziyat deb qarashga chaqirdi.

«Koronavirusga qarshi favqulodda vaziyat sifatida ishlamasak, natijalarga erisha olmaymiz.

Biz har kuni izlanishdamiz. Eng og‘ir kunlar keladi oldimizga, ana shunga hammamiz tayyor bo‘lishimiz kerak. Tayyor bo‘la olsak, ertaga shundan o‘tib ketamiz.

Olijanob xalqimiz bor. Ta'zim qilsak arziydi xalqimizga. Hozirgi sharoitni to‘g‘ri tushunyapti. Lekin ba'zi birlarni joy-joyiga qo‘yib qo‘yishimiz kerak.

Sabr-toqat bilan, mehnat bilan bundan o‘tib ketamiz, Xudo xohlasa. Aql bilan mehnat qilishimiz kerak. Maska taqib bo‘lsa ham, ko‘chada yurish bo‘lmaydi – odamlar uyda o‘tirsin. Chiqartirmanglar. Kechqurun odamlar nega gavjum, nega uyda emas?

Millatimizni saqlashimiz kerak! Bizning buyuk tariximiz, madaniyatimiz bor, dunyo hamjamiyati oldida ana o‘sha madaniyatimizni ko‘rsatishimiz kerak. Mana shunga e'tibor beringlar.

Nuroniylarimizni asraylik. Oqsoqollarimizni, onaxonlarimizni avaylaylik. Duo-fotiha qilib, uyda o‘tirishsin.

Befarq bo‘lmanglar. Yuraklaringdan his qilib, mana shunday og‘ir vaziyatda jipslashishimiz, birlashishimiz, yaxshi muomalada bo‘lib, odamlarimizni ongli ravishda ishontirib, shu balodan qutulib olishimiz kerak.

Pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga o‘z nomimdan va butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bitta bo‘lsa ham fuqaromizning hayoti biz uchun juda kerak. Buni hammamiz bilamiz, lekin shifokorlar shu bilan bevosita muloqot qilib, uning hayotini saqlash bo‘yicha juda katta jonbozlik ko‘rsatyapti. Ular og‘ir sharoitda ishlayapti hozir. Ular jang maydonida, desak to‘g‘ri bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 26 mart holatiga O‘zbekistonda koronavirus tasdiqlangan bemorlar soni 65 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top