12:55 / 26.03.2020
128348
Koronavirusni qanday yengish mumkin: samarali 5 strategiya

Koronavirus butun dunyo bo‘ylab tarqalib, misli ko‘rilmagan vahima qo‘zg‘atdi: har kuni minglab yangi infeksiyalanish holatlari va yuzlab o‘lim haqidagi hisobotlar yangramoqda.

Foto: Getty Images

Ko‘pgina shaharlar va ba'zan butun boshli davlatlar karantinga olinmoqda; parvozlar, muhim xalqaro tadbirlar, sport musobaqalari va musiqa festivallari bekor qilingan.

So‘nggi haftalarda Yevropa infeksiyaning yangi markaziga aylandi, dunyoning boshqa mintaqalarida esa — Lotin Amerikasi, AQSh va Yaqin Sharqda bu holatlar soni kundan-kunga ko‘payib bormoqda.

25 mart holatiga virus 21 mingdan ortiq kishi hayotiga zomin bo‘lgan va dunyo bo‘ylab 471 ming inson virusdan zararlangan, 114 mingdan ortiq kishi sog‘ayib ketgan. Shunga qaramay, ba'zi mamlakatlar ushbu virus tarqalishini yengishga muvaffaq bo‘lishdi. 

Osiyoning ba'zi mamlakatlari, yangi virus paydo bo‘lgan Xitoy davlatiga geografik jihatdan yaqin bo‘lishiga qaramay, Covid-19 epidemiyasi avj olishiga to‘sqinlik qilishdi.

«Epidemiyani oldini olish choralarini ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan davlatlar mavjud va menimcha, biz ulardan namuna olishimiz kerak», — deb hisoblaydi Jon Hopkins universiteti professori, epidemiolog Tolbert Nensva BBC bilan suhbatda.

«Men faqatgina boshqa demokratik davlatlarda tatbiq etilishi qiyin bo‘lgan qat'iy karantin choralarini ko‘rgandan so‘ng yuqtirib olishlar soni keskin tushib ketgan Xitoy davlati haqida gapirmayapman. Bir qator boshqa mamlakatlar ham virusga qarshi o‘z usullarini ishlab chiqishdi va ular ham birdek samarali bo‘ldi», — deydi professor.

Yaponiya Tokio Olimpiadasini o‘tkazish umidida koronavirus tarqalishini zudlik bilan tiya oldi
GETTY IMAGES

Masalan, Xitoyga qo‘shni va 23 mln aholiga ega bo‘lgan Tayvanda koronavirus bilan kasallanishning atigi 235 holati va ikkita o‘lim kuzatildi. 
Hongkong aholisi 7,5 million kishini tashkil etadi va u Xitoy bilan quruqlikda chegaradosh, virus Xitoydan keyin ilk bor shu davlatda aniqlandi, ammo ikki oy ichida bu yerda faqatgina 411 yuqtirish holati va to‘rtta o‘lim tasdiqlandi. Shu bilan birga, so‘nggi kunlarda bemorlar soni yana o‘sishni boshlagan va yangi nazorat choralari joriy qilingan.

Uzoq bo‘lmagan Yaponiyada (120 million kishi) 1300 kishi yangi virusni yuqtirgan, Janubiy Koreya esa ushbu tashxisga ega bo‘lgan 9241 bemor haqida xabar qilmoqda, ammo so‘nggi haftalarda infeksiyaning tarqalish darajasi va o‘lim hollari sezilarli darajada kamaygan.

Professor Nensvaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mamlakatlar koronavirus tarqalishini muvaffaqiyatli to‘xtatib qolishdi, chunki ular tezkor harakat qilib, yangi nazorat usullarini qo‘llashdi. 

Eng samarali usullar qaysilar?

1. Tekshiring, tekshiring va yana tekshiring!

Test qilish - infeksiyaga qarshi kurashdagi birinchi qadam / Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), shuningdek, BBC’ga maslahat beruvchi mutaxassislar erta tashxisni virus tarqalishi oldini olishning asosiy omili deb hisoblashadi.

«Qancha odam virusni yuqtirgani noma'lum bo‘lsa, uning haqiqiy harakatlanish ko‘lamini tushunib yetish yoki tegishli choralarni ko‘rish qiyin bo‘ladi», — deydi Nensva. 

AQShning Templ universiteti epidemiologi, professor Kris Jonson ham bu mulohazaga qo‘shiladi.

Uning fikriga ko‘ra, aynan shu strategiya infeksiyalanishni jiddiy ravishda kamaytirishga yordam bergan: tekshirishni ma'qul ko‘rgan mamlakatlarda yuqtirish holatlari kamaydi, ammo buni ustuvor deb bilmagan davlatlarda yangi koronavirus bilan kasallanish keskin oshdi. 

«Janubiy Koreya hukumati kuniga taxminan 10 ming kishini sinovdan o‘tkazdi, bu shuni anglatadiki, ular ikki kun ichida tahlildan o‘tkazgan insonlar soni AQShning bir oylik tekshiruvlari yig‘indisidan ham ko‘p», — dedi professor Jonson BBC bilan suhbatda.

JSST rahbari Tedros Gebreyyesusning ta'kidlashicha, koronavirus belgilari bo‘lgan har bir kishidan tahlil olish pandemiyani bostirishning kalitidir. 

«Barcha mamlakatlar uchun oddiy maslahat beramiz — tekshiring, tekshiring, tekshiring, — dedi u yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. — Barcha mamlakatlar barcha shubhali holatlarni tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak — pandemiya bilan ko‘zlar yumuq holda kurashib bo‘lmaydi.

Shuningdek, u tahlillar faqat og‘ir va ko‘zga tashlanib turgan alomatlari bo‘lgan odamlardan olinishiga qarshi chiqdi: bu kabi ma'lumotlar to‘liq statistikani olish uchun yetarli bo‘lmaydi. Bundan tashqari, aniq ko‘rinib turmagan alomatlarga ega bo‘lgan yoki kasallikni yengil shaklda o‘tkazayotgan odamlar virusni tarqatishda davom etishadi. 

2. Kasallarni izolyatsiya qilish

Koronavirusga chalinganlar va gumondorlarning barchasini izolyatsiya qilish - uning tarqalishi oldini olish uchun juda muhim
Getty Images

«Janubiy Koreya va Xitoy o‘z fuqarolarini kuzatib borish, sinovdan o‘tkazish va karantinga olishni ajoyib tarzda uddaladi», — dedi professor Kris Jonson. 

Sinov nafaqat kasallarni izolyatsiya qilish va virus tarqalishining oldini olishga yordam beradi, balki erta bosqichda bo‘lishi mumkin bo‘lgan va hozirgi kunga qadar simptomlari ko‘zga tashlanmagan yangi bemorlarni aniqlashga yordam beradi, deydi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy ma'murlari kelajakda virus o‘chog‘iga aylanishi mumkin bo‘lgan hududlarga nisbatan «super-ogohlik» namoyish etishgan, ehtimol, bu zararlanishlar sonini sezilarli darajada kamaytirishga yordam bergan.

«Yuqori haroratli odamlar maxsus «harorat klinikalariga» yuboriladi va u yerda Covid-19 tahlilidan o‘tkaziladi. Agar ushbu virus aniqlansa, ular o‘z oila a'zolariga yuqtirmasliklari uchun «karantinli mehmonxonalarda» izolyatsiya qilinadi», — deydi professor Jonson. 

Tayvan, Singapur va Hongkong boshqacha yondashdi: ular har qanday potensial xavfli holatga nisbatan uy izolyatsiyasi joriy qilishdi va karantin qoidalarini buzganlarga 3 ming dollardan ortiq jarima solindi.

Biroq, birinchi va ikkinchi holatda ham asosiysi yuqtirgan odamlarni aniqlash va ehtimoliy kasallarni kuzatish, deb ta'kidlaydi professor Nensva.

Masalan, Tayvan va Singapurda rasmiylar kasal kim bilan aloqada bo‘lganligini kuzatish uchun turli usullarga murojaat qilishadi — u bilan oddiy suhbatdan tortib ichki xavfsizlik kameralarini tekshirish yoki transport xarajatlari to‘lovlarigacha. 

«12 mart kuni Hongkongda koronavirus infeksiyasiga shubha qilingan 445ta holat aniqlandi va ular ushbu tasdiqlangan holatlar bilan aloqada bo‘lganlar orasidan ehtimoliy bemorlarni ajratib olish uchun 14,900ta laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazishdi — ulardan 19tasida javob ijobiy chiqdi», — deydi professor.

3. Tayyorgarlik va tezkor choralar

Toshkent ko‘chalarida dezinfeksiya ishlari

Bundan avval G‘arbiy Afrikada Ebola tarqalishining oldini olish bilan shug‘ullangan professor Nensvaning aytishicha, virus tarqalishini aniqlash va to‘xtatib qolishda eng muhim narsa — bu infeksiya aholining katta qismiga yetib borgunicha tezkor harakat qilishdir. 

Tayvan va Singapur kabi davlatlar shuni ko‘rsatdiki, erta tashxis qo‘yish va yangi bemorlar izolyatsiyasi epidemiyaning oldini olishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.

Yaqinda «Amerika shifokorlari assotsiatsiyasi jurnalida» (Journal of the American Medical Association) chop etilgan maqolada Tayvanning bu boradagi muvaffaqiyati qisman orolning bunday vaziyatga tayyorligi va 2003 yilda yuqumli kasalliklar tarqalishi bo‘yicha Epidemik nazorat markazi tashkil qilgani bilan izohlanadi.

Mintaqada SARS tarqalishidan keyin tashkil etilgan va bir nechta tadqiqot markazlari hamda davlat idoralarini o‘z ichiga olgan ushbu Markaz bir qator o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkizib, nazariy asoslarni va aniq javob usullarini ishlab chiqdi.

«Harakatga tushishga tayyor bo‘lish va uni tezkorlik bilan amalga oshirish — kasallik to‘satdan tarqalishining dastlabki bosqichlarida juda muhimdir. Yevropa va AQSh misolida biz nafaqat bu mamlakatlarning tayyor emasligini ko‘rdik, ular juda sekin ta'sir ham bildirishdi», — deydi Nensva. 

Yanvar oyi o‘rtalarida ushbu yangi virusning odamdan odamga havo tomchilari orqali yuqishi tasdiqlanguniga qadar, Tayvan allaqachon koronavirus tarqalishi boshlangan Xitoyning Uhan shahridan kelayotgan barcha yo‘lovchilarni kuzatishni boshlagan edi.

Hongkong ma'murlari 3 yanvardan boshlab barcha kirish nuqtalarida haroratni o‘lchashni boshlashgan va barcha sayyohlarni 14 kunlik karantinga olishgan, shifokorlarga yaqin orada Uhanda bo‘lib qaytgan har bir haroratli yoki nafas olish virusi infeksiyasining alomatlari kuzatilgan bemor haqida xabar berish buyurilgan.

«Va yana, asosiysi shundaki, ular buni vaqtida qilishgan», — deydi professor Nensva. 

4. Ijtimoiy masofa

Avstraliya parlamentida ijtimoiy masofalanish / Getty Images

«Virus tarqalishi bilanoq, cheklov choralari ishlashdan to‘xtaydi», — deb tushuntiradi professor Nensva. 

Ushbu bosqichda Hongkong va Tayvanda qilinganidek, aholini himoya qilishning eng samarali usuli — bu ijtimoiy masofa me'yorlarini tezda kiritish.

Hongkong rasmiylari yanvar oxirida odamlar masofadan ishlash rejimiga o‘tishini, maktablarni yopilishi va barcha tadbirlarni bekor qilinishini e'lon qilishgan.

Ingliz tilida yuritiluvchi mahalliy Straits Times gazetasining yozishicha, Singapur hukumati maktablarni yopmaslikka qaror qildi, lekin har kuni o‘quvchilar va o‘qituvchilarning sog‘lig‘ini tekshirdi va kuzatdi. 

5. Gigiyenani targ‘ib qilish

Singapurda ko‘chalarda bakteriyaga qarshi gellardan foydalanish mumkin / Getty Images

JSSTning ta'kidlashicha, qo‘llarni muntazam yuvish va gigiyenaga amal qilish infeksiyani yuqtirmaslikda juda muhimdir. 

«Osiyoning ko‘plab mamlakatlari 2003 yilda SARS tarqalishidan keyin xulosa chiqarishgan. Ushbu mamlakatlarda odamlar kasallikka duchor bo‘lmaslik va uni birovga yuqtirmaslik uchun gigiyenaga rioya qilish kerakligini anglab yetishgan», — deydi shifokor. 

Singapur, Hongkong va Tayvan kabi mamlakatlarda shundoqqina ko‘chaga o‘rnatilgan antibakterial gelga ega maxsus dispenser mavjud va ularda profilaktika maqsadida niqob kiyish juda ommalashgan. 

Vaholanki, niqoblar infeksiyalanishni oldini olishda unchalik samarali bo‘lmasa ham, allaqachon virusni yuqtirgan odamning aksirish va yo‘talish orqali atrofga zararli tomchilar tarqatishi xavfini kamaytiradi.

Qarshiyeva Nazokat tayyorladi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top