09:03 / 26.03.2020
2756
«Mahalla va oila» institutining asosiy vazifalari belgilanmoqda

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Prezidentning “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 18 fevraldagi PF-5938-son farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.

Belgilanishicha, Institut mahalla va oila institutlarini mustahkamlashga ko‘maklashuvchi, fuqarolar yig‘inlarini aholining chinakam maslakdoshiga aylantirish va “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etish ishlarini ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy ta'minlash faoliyatini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilanadi:

jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni to‘laqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasida ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, fanlararo fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ularni natijalarini amaliyotga joriy etish;

mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolliklarini oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;

mahallalar va oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta'minlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;

mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolliklarini oshirish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;

mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, shuningdek ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish va takomillashtirish;

Institut faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha respublikadagi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish;

ommaviy axborot vositalarida, jumladan televideniye va internet-resurslarda ilmiy tadqiqotlar natijalarini keng yoritish, shuningdek, aholining mahalla va oila institutlarini mustahkamlashdagi ijtimoiy faolliklarini oshirishda ishtirok etish.

Belgilanishicha, Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

Institut Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

binolar va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, Institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;

Davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan Davlat budjetlari mablag‘lari;

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari;

xo‘jalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazishdan kelib tushgan tushumlar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilishicha, Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

Belgilanishicha:

Institut direktori mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining tavsiyasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

direktor o‘rinbosarlari Institut direktorining tavsiyasiga asosan mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

Institut direktori mehnatga haq to‘lash, moddiy ta'minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra vazir o‘rinbosariga, direktorning o‘rinbosarlari esa Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘iga tenglashtiriladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Ismoiliy ko‘chasi, 1G-uy manzilidagi binoni operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Top