12:35 / 26.03.2020
4417
MIB aliment to‘lovlari bo‘yicha eslatma bilan chiqdi

Majburiy ijro byurosi karantin davrida aliment to‘lovlari uzluksizligini ta'minlash eslatmasi bilan chiqdi.

Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari Shavkat Haydarov aliment to‘lovchilarga farzandlar ta'minotida uzilish bo‘lmasligi zarurati haqida eslatib o‘tdi.

«Aliment to‘lovlari bu avvalambor voyaga yetmaganlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Bugungi vaziyatda har birimiz farzandimizni uyda saqlashga majburmiz. Uyda o‘tirgan farzandimiz yeb-ichishi, turli xil o‘quv qurollaridan foydalangan holda o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirishi kerak. Aliment to‘layotgan otalarga shuni ta'kidlab aytmoqchimanki, shunday bir holatda farzandlaringiz ta'minotida uzilish bo‘lib qolmasin», dedi u AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifingda.

MIB rasmiysi mahalla fuqarolari yig‘inlari raislaridan bu ishda ko‘mak berishni so‘ragan.

«Aliment to‘lovlarining o‘z vaqtida undirilishini ta'minlash maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahalla faollaridan bu borada Byuro davlat ijrochilariga yaqindan yordam berishlarini so‘rab qolamiz», deya qo‘shimcha qildi Shavkat Haydarov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top