23:10 / 26.03.2020
15943
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashga 100 mingga yaqin tibbiyot xodimlari safarbar etilgan

Pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 100 ming atrofida tibbiyot xodimlari mobilizatsiya qilingan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilgan.

Ularga hokimiyatlar, ichki ishlar tizimi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari yaqindan ko‘maklashmoqda.

Ma'lum qilinishicha, mamlakatning barcha tibbiyot muassasalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilib, 11ta tibbiyot muassasasi va 97ta sihatgoh, oromgoh va yotoqxonalar karantinga ixtisoslashtirilgan.

Ushbu virusli infeksiyani jilovlash, tarqalishining oldini olish hamda profilaktika qilish maqsadida uy sharoitida 80 mingga yaqin, statsionarda 12 ming nafar fuqaro karantinga olingan.

«Bu ofatdan xalqimizni asrash bo‘yicha mamlakat miqyosida ta'sirchan choralar ko‘rilmoqda. Xususan, kasallik aniqlangan ilk kundanoq barcha ta'lim va diniy muassasalar faoliyati, xalqaro va ichki jamoat transportlari qatnovi to‘xtatildi.

Odamlar gavjum bo‘ladigan joylar, xususan, barcha buyum bozorlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari vaqtincha yopildi.

Mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxona va tashkilotlar xodimlariga ta'til berilib, masofaviy ishlashga o‘tkazilmoqda», degan prezident.

Shuningdek, xorijdagi fuqarolarimizni qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlab ularni Xitoydan evakuatsiya qilgan bo‘lsak, hozirda barcha davlatlardan olib kelinmoqda.

Xorijdagi hamma diplomatik vakolatxonalarimizda shtablar tashkil etilgan. Oxirgi 10 kun ichida 20ta charter reyslar amalga oshirildi. Rossiya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya va Germaniyadan to‘rt mingga yaqin fuqarolarimiz olib kelindi, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarimizdan 80 mingdan ortiq vatandoshlarimiz o‘tkazildi hamda yurtimizda tashkil etilgan profilaktoriy, sanatoriy va boshqa shifo maskanlarida karantinga olindi.

Bundan tashqari, diplomatik missiyalarimiz Rossiya, Xitoy, Singapurdan ekspress-testlar, tibbiy anjomlar va gumanitar yuklarni olib kelish bo‘yicha amaliy ishlarni bajarmoqda, ilg‘or davlatlarning yetakchi va tajribali mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha sa'y-harakatlar kuchaytirildi.

Bundan avvalroq prezident O‘zbekistondagi koronavirus qayd etilgan 65 kishidan 11 nafari tibbiyot xodimlari ekanini ma'lum qilgandi.

Prezident bugun «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq:

koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan; zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab beriladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi  yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘m;

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a'zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top