13:04 / 26.03.2020
4975
Sud daraxt kesgan fuqarodan yuz million so‘mdan ortiq zararni undirish haqida qaror chiqardi

Fuqaroga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori o‘n barobari miqdorida jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 100 350 000 so‘m zararni fuqarolik tartibida ko‘rib chiqish yuzasidan sud qarori rasmiylashtirildi

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

“2020 yil fevral oyida Qarshi tumani Charag‘il MFY hududida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbiri davomida “Toshqul bobo” fermer xo‘jaligi raisi B.U. fermer xo‘jaligi dala maydoni chetiga ihota sifatida ekilgan ko‘p yillik 4 tup chinorni hech qanday ruxsatsiz kesib tashlaganligi aniqlandi. Qashqadaryo viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan fermer xo‘jaligi raisi B.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan edi.

 Noqonuniy kesilgan ko‘p yillik chinor daraxtlari zarari 100 350 000 so‘mni tashkil etganligi bois O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 245-moddasi 3-qismiga asosan tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda Qarshi tuman Ma'muriy Sudiga yuborildi.

Qarshi tuman Ma'muriy sudi ushbu huquqbuzarlikni ko‘rib chiqib, fermer xo‘jaligi raisi B.U.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori o‘n barobari miqdorida jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 100 350 000 so‘m zararni fuqarolik tartibida ko‘rib chiqish yuzasidan sud qarori rasmiylashtirildi” – deyiladi Ekologiya qo‘mitasining Kun.uz saytiga yo‘llagan xabarida.

Top