10:49 / 26.03.2020
6885
Toshkent viloyati hududida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olindi

Ushlangan barcha shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan 10-18 mart kunlari o‘tkazilgan tadbirlar davomida, taxminiy summasi jami 9 million so‘mga teng bo‘lgan kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgan. 

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushlangan barcha shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi va Tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan 10 mart kuni o‘tkazilgan tadbir davomida, Buxoro viloyati Jondor tumanida ro‘yxatda turib, Chilonzor tumanida vaqtincha yashovchi, Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro T.R. O‘zbekiston Respublikasida savdosi cheklangan 100 dona “tropikamid” kuchli ta'sir qiluvchi dori moddasini har bir donasini 43 ming so‘mdan jami 4 million 300 ming so‘m pullar evaziga 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro B.K.ga sotayotgan vaqtida xolislar ishtirokida qo‘lga olingan.

Yuqori Chirchiq tumanida 12 mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tuman 2-sonli o‘rta umumta'lim maktabining 11 sinf o‘quvchisi Sh.A. va 20 yoshli N.N. shartli mijozga jami 300 ming so‘mlik “regapen” tabletkalarini sotayotgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu tabletkalarni o‘quvchiga sotgan Toshkent shahrida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan U.S. va Sergeli tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan A.M. ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, 18 mart kuni Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan S.I. 112 dona “regapen” va 25 dona “tropikamid” tabletkalarini 400 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ evaziga sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan, barcha shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-modda (kuchli ta'sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qo‘shimcha surushtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Top