12:28 / 26.03.2020
7298
Yunusobodda o‘zini inspektor deb tanishtirgan shaxs hisoblagichni tarmoqdan uzmoqchi bo‘ldi. Vazirlik ogoh bo‘lishga chaqirdi

Energetika vazirligi matbuot xizmati fuqarolardan ogoh bo‘lishni va tuman elektr tarmoqlari vakili deb o‘zini tanishtirayotgan shaxslar so‘zlariga ishonmaslikni so‘radi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlardan birining foydalanuvchisi o‘zini go‘yoki inspektor deb tanishtirgan shaxs haqida post qoldirgan. Bu shaxs fuqarolardan birining uyiga kelib, Yunusobod tumani elektr tarmoqlariga ko‘rsatkichlarni taqdim etmayotgan hisoblagichni tarmoqdan uzish kerakligi haqida aytgan.

Energetika vazirligining eslatishicha, karantin davrida elektr energiyasini tarmoqdan uzish holatlari ro‘y bermaydi. Bu, shuningdek, Yunusobod tumanida ishlayotgan «aqlli hisoblagichlar»ga ham tegishli ekani aytiladi.

Bundan tashqari, «aqlli hisoblagichlar»ni tizimdan qo‘lda o‘chirish umuman nazarda tutilmagan, sababi ularni uzish faqat dispetcher markazidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

«Yana bir bor ogoh bo‘lishni so‘raymiz. Bunday holatlarda sizga murojaat qilayotgan shaxsning hujjatlarini tekshiring», - deyiladi ma'lumotda.

Top