19:30 / 27.03.2020
13659
Andijon shahar markaziy poliklinikasida yong‘in ro‘y berdi

27 mart kuni soat 16:30da Andijon shahar markaziy poliklinikasida yong‘in ro‘y berdi, yong‘in oqibatida jabrlanuvchilar yo‘q.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Shahar aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi mazkur tibbiyot muassasasi karantin munosabati bilan sanitariya talablari asosida ish faoliyati chegaralangan holda faoliyat olib borayotgan edi», deya xabar berdi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma'lumotlarga qaraganda, 5 qavatli ushbu binoning 4-qavatidagi bosh hamshira xonasida joylashgan sovitgich va kompyuterlarning elektr tarmog‘iga ulangan joyida qisqa tutashuv ro‘y berib, qisqa fursatli yong‘in yuz bergan. Shu zahotiyoq poliklinikadagi tibbiyot xodimlari va bemorlar zudlik bilan tashqariga ko‘chirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, tezkor harakatlar va poliklinika shifokorlarining faolligi sabab hech kim jarohat olmagan. Katta miqdordagi moddiy zarar ham yetkazilmagan.

Ayni paytda o‘rnatilgan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

«Yong‘in markaziy poliklinika faoliyatiga ta'sir etmagan. Faoliyat bo‘yicha xizmatlar Andijon shahrining boshqa mavjud 8ta oilaviy poliklinikalariga taqsimlandi», deyiladi xabarda.

Top