10:37 / 27.03.2020
18564
Andijonda o‘ta xavfli retsidivist Damas avtomashinasini olib qochdi

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 19 mart kuni soat 12:30da muqaddam sudlangan va sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan 41 yoshli D.X. Shahrixon tuman Qumtepa MFY.da joylashgan sut mahsulotlari ishlab chiqarish sexi oldida fuqaro 29 yoshli I.S. tomonidan qarovsiz qoldirilgan Damas rusumli avtomashina saloniga yukxona eshigini ochish orqali kirib, avtomashinani yashirin ravishda olib qochgan. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u ushbu avtomashinada “Shahrixon-Quva” transport qatnov yo‘lining Shahrixon tumani Do‘stlik MFYda harakatlanib ketayotgan vaqtida avtomashina egasi va uning tanishi tomonidan ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Shahrixon tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro D.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Damas rusumli avtomashina egasi I.S.dan tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan va ko‘zdan kechirilgan. D.X. esa gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. 

Qayd etilishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Top