20:30 / 27.03.2020
69185
ATK vazirligi internet va telefon 2 oy o‘chirilmasligi haqidagi xabarlarga rasmiy izoh berdi

Vazirlar Mahkamasining shu yil 23 martdagi qarorida fuqarolar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i va telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli ikki oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi mazkur masalada fuqarolar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar tomonidan ushbu qaror bo‘yicha kelib tushayotgan savol va murojaatlarga izoh berdi.

«Vazirlar Mahkamasi qarori asosida O‘zbekistonda 24 martdan boshlab fuqarolar tomonidan internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Mazkur qarorga ko‘ra, litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari, ikki oy davomida simli telefon aloqasi (xalqaro telefon so‘zlashuvlardan va mobil aloqasidan tashqari) hamda internet jahon axborot tarmog‘iga simli va simsiz ulanish xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda abonentlar tarmoqdan o‘chirilmasligi ta'minlanadi.

Shu bilan birga, tashqi internet trafigi cheklangan tarif rejalarida limitdan tashqari trafik narxini arzonlashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda.

Bu haqida, fuqarolarimizni internet va simli telefon aloqasidan foydalanishda yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan rasmiy veb-sahifalarda, SMS-xabarlarni yuborish hamda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etib boramiz.

Ta'kidlash kerakki, hozirgi vaqtda respublikada uzluksiz aloqani ta'minlash va fuqarolarimizga imkoniyatlar yaratish maqsadida telekomunikatsiya operatorlari ham faol ishtirok etmoqda.

Fuqarolarimizni oxirgi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga eng ko‘p o‘qiydigan ommaviy axborot vositalarining manbalari — uzreport.news, xabar.uz, daryo.uz, gazeta.uz, kun.uz, podrobno.uz, repost.uz, uznews.uz, spot.uz’dan bepul foydalanish imkoni taqdim etildi.

Fuqarolarimiz, barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi bu tarmoqning sifatli ishlashiga ta'sir ko‘rsatadi.

Fuqarolarimizga qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etish maqsadida, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha chegirmalar va bonuslar berish, to‘lovlarni amalga oshirish muddatini uzaytirish hamda ushbu chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumotlarni veb-sahifalarimizda, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilib boramiz», deyiladi vazirlik axborotida.

Bunga qadar, respublikada o‘z mobil xizmatlarini taqdim etuvchi Beeline, Mobiuz va Ucell aloqa operatorlari Vazirlar Mahkamasi qarori doirasiga kirmasligi va to‘lovsiz xizmatlar taqdim etilmasligini ma'lum qilishgan.

«Oʼzbektelekom» AK Vazirlar Mahkamasi qaroridan kelib chiqib, «UZTELECOM» savdo belgisi ostida ko‘rsatiladigan internet va telefon aloqasi xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan abonentlar uchun xizmat ko‘rsatish to‘xtatilmasligini e'lon qilgan.

Kun.uz «Rerfectum mobile» aloqa operatori bilan bog‘lanib, Vazirlar Mahkamasining ushbu qaroriga nisbatan pozitsiyasi bilan qiziqdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu kompaniyaning ham o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirmagan abonentlari tarmoqdan o‘chiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top