16:34 / 27.03.2020
41716
Karantin e'lon qilingan bo‘lsa ham Toshkent shahrida avtotransport harakati kamaymayapti - IIV

Karantin davrida Toshkent shahrida xodimlarni tashish uchun mo‘ljallangan avtobuslarga maxsus stikerlar yopishtiriladi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olim Saidovning aytishicha, karantin davrida Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanishi kamaymayapti. U bu haqda 27 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

“Ayrim fuqarolar koronavirus infeksiyasi tarqalishi oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga befarqlik bilan qaramoqda. Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanishi kamaymayapti. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shaharda avtomobillarning yarmi hech bir sababsiz harakatlanyapti. 40 foizga yaqini kirakashlik bilan shug‘ullanib kelyapti. Bu bo‘yicha Transport departamenti bilan kuchaytirilgan avtoreyd o‘tkazilmoqda. 

Avtomobillarning atigi 10 foizi davlat tashkilotlari xodimlariga tegishli ekanligi aniqlandi. Ular bu vositalarda ishga qatnab kelishmoqda. Avtomobillar haydovchilari va yo‘lovchilari niqobsiz yuribdi. Bu esa infeksiyaning tarqalish tezligiga ta'sir qiladi”, – deya Olim Saidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV rasmiysi Toshkent shahriga oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelayotgan avtotransport vositalarining tezkorlik bilan o‘tib ketishini ta'minlash maqsadida postlarda alohida yo‘laklar tashkil etilishi, karantin davrida Toshkent shahrida xodimlarni tashish uchun mo‘ljallangan avtobuslarga maxsus stikerlar yopishtirilishini ham ma'lum qildi. 

“Toshkent shahriga oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelayotgan avtoransport vositalarining tezkorlik bilan o‘tib ketishini ta'minlash maqsadida postlarda alohida yo‘laklar tashkil etildi. Toshkent shahridagi korxona-tashkilotlarning 6004 nafar xodimlarining ishga borib-kelishlarini ta'minlash uchun “Toshshahartransxizmat” AK tarkibiga kiruvchi 303 ta avtobus ajratildi. 

Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosini ta'minlash uchun bu avtobuslarga maxsus stiker ruxsatnomalar ishlab chiqildi. Bu stikerlar avtobuslar old oynalariga yopishtiriladi va ular tekshirilganidan so‘ng Toshkent shahrida harakatlanishi va Toshkent shahridan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yiladi. Boshqa ruxsatnoma ishlab chiqilmagan”, – deb aytgan Olim Saidov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top