12:08 / 27.03.2020
52285
Kontrakt pulini to‘lamagan talabalar o‘qishdan chetlatilayotgani va talabalarga stipendiya berilmayotgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda ta'til e'lon qilinishi ortidan kontrakt pulini to‘lamagan talabalar o‘qishdan chetlatilayotganligi hamda talabalarga stipendiya berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

2020 yil 16 martdan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish  maqsadida respublikadagi barcha ta'lim muassasalari qatori oliy ta'lim muassasalarida ham o‘qish to‘xtatilib, ta'til e'lon qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining bayonotida aytilishicha, karantin tufayli berilgan ta'til sabab to‘lov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmagan talabalarga (shu jumladan, 1-kursning 2-yarmi uchun to‘lovlarga) rektorlar tomonidan qo‘shimcha muddat beriladi. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan “so‘nggi muddat – 20 mart” talabalarga emas, balki 2019/2020 o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaning birinchi kursiga to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgan hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga taalluqli (OTMda o‘quv mashg‘ulotlariga qatnagan, to‘lov-kontraktni 1-semestr uchun to‘lamaganlar ham – abituriyent maqomida hisoblanadi). 

Ushbu muddat O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020 yil 28 fevraldagi 13-son bayoni bilan belgilangan bo‘lib, hozirgacha vazirlikka 20 martga qadar to‘lay olmaganlik va muddatni uzaytirish haqida murojaat kelib tushmadi”, - deyiladi bayonotda. 

Qayd etilishicha, karantin davrida talabalarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lab beriladi. Faqatgina to‘lov turida o‘zgarish bo‘lishi, naqd pul ko‘rinishida olayotganlarga stipendiya puli talabaning plastik kartasiga tushirib beriladi. 

Aytilishicha, respublikadagi barcha oliy ta'lim muassasalarida talabalarga joriy yil mart oyi uchun stipendiyalar to‘lab berilgan. Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt pulini to‘lamaganligi, akademik qarzdorligi, tegishli buyruq rasmiylashtirilmaganligi yoki bank plastik kartasi berilmaganligi uchun stipendiya to‘lashda kechikishlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Aksariyat hollarda talabalar tomonidan to‘lov-shartnoma shartlarining kech bajarilgani stipendiya tayinlash va bank plastik kartalarini ochishning kechikishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Hozirda vazirlik tomonidan respublika miqyosida stipendiya to‘lanmagan talabalar haqida ma'lumot umumlashtirilayotgani bildirilgan. Ularga:

naqd pul ko‘rinishida to‘lanmay qolgan stipendiyalar talabaning doimiy yashash joyiga pochta orqali yuboriladi yoki tumanlardagi bank filiallari orqali ro‘yxat asosida tarqatiladi;

bank plastik kartalari orqali to‘lanadi, plastik kartalar ochilmagan talabalarga yangi kartalar ochilib, bank muassasasining hududiy bo‘limi orqali yetkaziladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ma'lum qilishicha, oliy ta'lim muassasalarida karantin davrida to‘lov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmaganlar talabalar safidan chiqarilmaydi.

Shuningdek, barcha talabalarga ta'lim shakli va o‘zlari tanlagan to‘lov turidan kelib chiqib, belgilangan tartibda stipendiyalar to‘liq to‘lab borilishi aytilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top