18:40 / 27.03.2020
14397
O‘zbekistonda bir kunda sodir bo‘lgan uchta YTH oqibatida 5 kishi hayotdan ko‘z yumdi

Yo‘l harakati ishtirokchilaridan yo‘llarda harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish so‘ralgan

Foto: IIBB YHXB matbuot xizmati

Joriy yilning 26 mart kuni soat 14:00larda, Surxondaryo viloyati, Termiz tumanining “Ayritom” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-99 “Manguzar-Xonrabod-Shartuz” avtomobil yo‘lining 14-15-km oralig‘ida YTH sodir bo‘lgan.

1970 yilda tug‘ilgan haydovchi X.B. “Lasetti” rusumli transport vositasini boshqarayotib, yo‘lning qarama-qarshi harakat yo‘nalishiga chiqib ketib, 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi M.B. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli transport vositasi bilan to‘qnashgan. 

Natijada, “Lasetti” rusumli transport vositasi haydovchisi X.B. og‘ir tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan. “Matiz” rusumli transport vositasi yo‘lovchisi - 1975 yilda tug‘ilgan O‘.A. og‘ir tan jarohati olib shifoxonaga yetmasdan vafot etgan. 

Shuningdek, “Matiz” rusumli transport vositasi yo‘lovchisi, 1973 yilda tug‘ilgan F.A. tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, 26 mart kuni soat 00:50larda Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani hududidan o‘tgan M-34 “Toshkent-Dushanbe” avtomobil yo‘lining 72-km.da, 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi Z.A. “Neksiya-2” rusumli transport vositasini “Sirdaryo-Toshkent” yo‘nalishida boshqarib ketayotgan bo‘lgan. 

U yo‘l belgisiga e'tibor qaratmasdan xavfli burilishga yetib kelgan vaqtida tezlikni keskin sekinlatgani sababli boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning o‘ng tomonidagi beton to‘siqqa urilib, YTH sodir etgan. 

Natijada, ushbu “Neksiya-2” rusumli transport vositasi haydovchisi Z.A. va yo‘lovchisi, 1991 yilda tug‘ilgan Z.N. olgan tan jarohati og‘irligi sababli shifoxonada vafot etganlar.

Bundan tashqari, 26 mart kuni soat 06:20larda Andijon viloyati, Bo‘ston tumani, Guzar MFY, O‘zbekiston ko‘chasi hududidan o‘tgan Bo‘ston-Yangiobod mahalliy yo‘nalishda 1980 yilda tug‘ilgan haydovchi I.M. “Lasetti” rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan velosipedchi, 1988 yilda tug‘ilgan E.N.ni urib yuborgan. 

Natijada, velosipedchi E.N. olgan tan jarohatlarining og‘irligidan shifoxonada vafot etgan.

“Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari, yo‘llarda harakatlanganingizda “Yo‘l harakati qoidalari”ga amal qilishingizni so‘rab qolamiz”, - deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati ma'lumotida.

Top