19:53 / 27.03.2020
9347

O‘zbekistonda jamoat joylarida niqob taqmagan 178 kishi 61,8 mln so‘m jarimaga tortildi

O‘zbekiston ma'muriy sudlari tomonidan 192 nafar shaxsga nisbatan jamoat joylarida niqob taqmagani uchun ma'muriy huquqbuzarlik haqidagi ishlar ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, ma'muriy javobgarlikka tortilganlarning 178 nafariga nisbatan jami 61 882 500 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan, 14 nafar shaxsga nisbatan ish yuritishdan tugatilgan.

192 nafar shaxsning 8 nafari ayol, 3 nafari 60 yoshdan oshgan shaxs, 1 nafari chet davlat fuqarosi hamda 2 nafari fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 22 martdagi qaroriga muvofiq Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» berilishi, 25 mart kuni soat 6:00dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilangan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 23 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 24 martda ma'qullangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 26 martda imzolangan 613-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Kodeksning 54-moddasi matni yangi tahrirda bayon etilib, uning birinchi qismida «Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi» deb, belgilab o‘tildi.

«Ushbu Kodeksning 54-moddasining eski tahriri bitta qismdan iborat bo‘lib, uning sanksiyasida fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi ushbu modda ikkinchi qism bilan to‘ldirildi va uning sanksiyasida jazo chorasi kuchaytirildi.

Ya'ni, 54-moddasining yangi tahrirdagi ikkinchi qismida, «Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi» deb, belgilab o‘tildi», deyiladi Oliy sudi matbuot xizmati xabarida.

Top