14:57 / 27.03.2020
14488
Toshkent shahriga kiruvchi 61 ta aylanma yo‘llar yopildi - IIV

Bugun, 27 mart kuni, AOKA huzuridagi shtabda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ishtirokida brifing tashkil etildi. Boshqarma boshlig‘i Olim Saidov karantin davrida Toshkent shahriga kirib keluvchi barcha yo‘llar yopilganini ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

“Koronavirus infeksiyasi havo orqali yuqishi va harakatlanish vositalarida kamida kamida to‘rt kishi bo‘lishini hisobga olganda, kasallikka qarshi kurashda transport harakatini cheklash eng samarali usul hisoblanadi. Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 10 ta YPX maskani, 14 ta blok va to‘siq postlarda hamda Toshkent viloyatining shahar bilan chegara hudularidagi 14 ta blok va to‘siq postlarda xodimlarning xizmat faoliyati kuchaytirildi. Ushbu YPX maskanlari, blok va post to‘siqlariga 1 sutkada 609 nafar xodimlar jalb etilyapti.

Shuningdek, Toshkent viloyati hududidan avtotransport vositalarining Toshkent shahriga kirib kelishi mumkin bo‘lgan 61 ta aylanma yo‘llar aniqlanib, ushbu yo‘llarni yopish choralari ko‘rildi.

Bundan tashqari, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizning boshqa hududlarida faoliyati to‘xtatilgan 21 ta YPX maskani hamda 60 ta blok va to‘siq postlarning faoliyati qayta tashkil etildi.

Hozirda jami 50 ta YPX maskani, 90 ta blok va to‘siq postlarda Ichki ishlar organlari, Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya xodimlari kuchaytirilgan tarzda xizmat olib bormoqdalar,”- deya xabar qildi Saidov.

Qo‘shimcha qilinishicha, 24 mart soat 00.01 dan boshlab 12 soat davomida Toshkent shahri yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan jami 164 ming 245 ta avtotransport vositalari tekshirilib, ulardan 94 ming 705 tasi, shundan 16 ming 356 tasi yuk avtomobillari shaharga kiritildi, 69 mingtadan ortig‘i qaytarildi. 250 ming nafar shaxs tekshirilib, 160 ming 735 nafari tegishli hujjatlar asosida shaharga kiritildi. 90 ming 163 nafar fuqaro viloyatlarga qaytarildi. 

 

Top