13:31 / 28.03.2020
22014
Davlat uydan boshqarilganda. Karantinda qolayotgan siyosatchilar

27 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda siyosatchi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.

Boris Jonson / Foto: REUTERS

Doim pozitiv kayfiyatda bo‘luvchi Jonson virus yuqtirgani haqidagi xabarni ham xuddi shunday kutib oldi va xushchaqchaq bayonoti bilan kasallikni qanday qabul qilishning eng to‘g‘ri yo‘lini ko‘rsatdi, desak bo‘ladi.

«Sizlarga bir narsani xabar qilishim kerak. Menda koronavirus alomatlari paydo bo‘lib isitmam ko‘tarildi va test topshirdim. Natijalardan menda virus borligini ma'lum bo‘ldi. Ammo uydan ishlashda va hukumatni boshqarishda davom etaman. Bunda menga ajoyib jamoam yordam beradi. O‘z navbatida mamlakatda virusni yengishda qatnashayotgan shifokorlar va 600 ming nafar ko‘ngillilarga rahmat aytaman», dedi Boris Jonson o‘zida koronavirus aniqlanganini xabar qilgan bayonotida.

Boris Jonson xotinining ko‘zi yorigach ikki hafta «otalik dekreti»ga chiqmoqchiligini, bahonada dam olish imkoni paydo bo‘lishini aytgandi. Dekret bo‘lmasa ham, unga ikki haftalik «ta'til berildi». Jonson ayni damda Dauning-stritdagi qarorgohida karantinda qolmoqda. Britaniya bosh vaziri hukumatni videokonferensiya orqali boshqarishda davom etadi. Jonson davlatni uydan turib boshqarayotgan yagona rahbar emas. Ko‘plab yetakchilar hukumat rahbarligini uydan amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda.

Jastin Tryudo. Kanada bosh vaziri

Foto: AP

Ko‘pchilik karantinda masofadan turib ishlashga, shu bilan birga bolalarga qarashga majbur bo‘lmoqda, chunki bolalar bog‘chalari yopilgan. Ammo masofadan turib bir vaqtning o‘zida bolalarga ham qarayotgan odamlarning hammasi ham mamlakatdagi inqirozni hal qilishga majbur emas. Xuddi Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo kabi.

Kanada bosh vaziri ikki haftadan buyon karantinda qolmoqda. Uning xotini Sofi Tryudo Britaniyadan qaytgach, o‘zini yomon his qilgan va test topshirgach, Kanadaning birinchi xonimida koronavirus aniqlangan. Shu bois er-xotin alohida karantinga olindi. Jastin bolalari bilan alohida, Sofi xonim esa alohida xonada yashamoqda.

Tryudolar oilasining uch nafar farzandi bor. Kanada bosh vaziri karantin vaqtida ularga qarab turibdi. Bolalarning osh-ovqati, kirlari, xullas hamma yumushlar ota Tryudoning zimmasida, chunki karantindagi oila yoniga hech kim yaqinlashtirilmaydi. O‘tgan hafta Tryudo hukumat vakillari bilan o‘tkazilgan telefon orqali brifingga biroz kechikib bordi: «Kechirasiz, Adriyenni cho‘miltirayotgandim», deb izoh berdi bunga Kanada rahbari. 6 yoshli Adriyen Tryudoning eng kichik farzandi.

Tryudo karantinda bo‘laturib «Katta yettilik» davlatlarining onlayn yig‘ilishida qatnashdi. Uning bu yig‘ilishdagi ishtirokini qizi suratga olgan. Kadrda Tryudoning ish stolida ham bolalar chizgan suratni ko‘rish mumkin.

Bolalarni yaxshi ko‘radigan Tryudo kanadalik bolalarga murojaat ham yo‘lladi: «Qadrli bolajonlar, siz do‘stlaringiz bilan o‘ynay olmayapsiz, o‘yin maydonchalaringiz yopiq. Albatta, mart ta'tilingiz bunaqa bo‘lishini tasavvur qilmagan bo‘lsangiz kerak. Mening bolalarim ham zerikishmoqda, lekin siz buvingiz, buvangiz, hamshiralar aytganini qilishingiz kerak. Qo‘lingizni tez-tez yuvib turing. Bolajonlar, ota-onangizga uydan ishlashiga imkon berayotganingiz uchun rahmat», deyiladi Tryudoning murojaatida.

Butun Berlin biladigan uydagi karantin

Germaniya kansleri Angela Merkel 22 mart kuni koronavirus aniqlangan shifokor bilan muloqotda bo‘lgani aniqlangach, karantinga olindi. Germaniya rahbari Kupfergraben ko‘chasi 6-uydagi kvartirasida karantinda bo‘lib turibdi. Merkelning ta'biri bilan aytganga, butun Berlin biladigan bu uy chindan mashhur. Merkelning kvartirasi 5-qavatda joylashgan. Davlat rahbarlari boshqacharoq joyda yashaydi deb o‘ylaydiganlar bu sariq rangdagi ko‘p qavatli uyda yillik YaIMi 4,5 trillion dollar bo‘lgan dunyoning eng boy 5-davlati rahbari yashashiga ishonishi qiyin. Lekin bu rost. Axir bu Yevropa!

Merkel yashayotgan uydagilarning asabi temirdan bo‘lishi kerak. Chunki uning oldidan tramvay o‘tadi. Yetmaganiga tramvayning burilish yeri. Uning ovoziga bardosh berish qiyin. Agar u har 4-5 daqiqada o‘tsa, ahvolni tasavvur qilavering. Buning ustiga, Merkelning uyi yaqinidan poyezd ham o‘tadi.

Kansler o‘z uyida eri bilan karantinda. Uy aytarli vahima bilan qo‘riqlanayotgani ham yo‘q. Uy oldidagi xiyobon sayyohlar uchun yopilgan. Yo‘q, Merkel uchun emas, mamlakatdagi umumiy karantin choralari sabab. Uy atrofida bittagina politsiya mashinasi turibdi, ular ham atrofdagilarga boshqa tomondan yurish, «sariq uyga yaqinlashmaslik» kabi buyruqlar bermayapti. Biroq jinoyat qidiruv bo‘limidagilar Germaniyaning birinchi odamini qo‘riqlash uchun «ko‘rinmas choralar» qo‘llanganini ma'lum qildi.

Rossiyalik mashhur DW.com sayti muxbiri Merkelning uyi oldida borib suratga olmoqchi bo‘lganida politsiya uning guvohnomasini sinchkovlik bilan tekshirib uyni yaqindan suratga olish mumkin emasligini, bu ishni faqat ko‘chaning narigi tomonidan qilish mumkinligini aytadi: «Rossiyada davlat rahbarining uy manzilini internetdan topish va bunday yaqin masofadan suratga olish orzu ham qilib bo‘lmaydigan narsa», deya politsiyachi bilan hazillashganini aytadi rossiyalik jurnalist.

Portugaliya prezidenti Marselu Rebelu de Souza ham o‘zini izolyatsiya qildi. Uning qabulida bir guruh maktab o‘quvchilari bo‘lishadi. Uchrashuvdan ko‘p o‘tmay bu maktab o‘quvchilarida qoronavirus aniqlangani sabab karantinga olinadi. Shu bois prezidentdan ham tezda virus uchun test olishadi. Unda virus aniqlanmagan bo‘lishiga qaramay, Marselu Rebelu de Souza ixtiyoriy tarzda ikki hafta karantinda bo‘lishini e'lon qildi.

Middle East Eye nashri ma'lumotiga ko‘ra, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy virus xavfi sabab butun oilasi bilan ikki hafta karantinda bo‘lgan. U bilan uchrashuvdan keyin general Abdulxalil Dovudda koronavirus aniqlangan. General 23 mart kuni olamdan o‘tgani xabar qilindi. Ammo Misr nashrlarining yozishicha, Middle East Eye Misr bilan aloqalari yaxshi bo‘lmagan Qatar moliyalashtiradigan nashr va u tarqatgan ma'lumot yolg‘on.

Koronavirus ko‘targan reyting, 2,2 trillion dollar madad

Koronavirus tarqalgan vaqtda dunyo yetakchilari ayniqsa katta sinovga duch kelmoqda. Bunday vaqtdagi harakatlari ularning xalq ichidagi obro‘lariga katta ta'sir qiladi. Masalan, Italiya bosh vaziri lavozimiga tasodifan kelib qolgani aytilgan Juzeppe Kontening koronavirus vaqtida yuritgan qat'iy siyosati sabab xalq ichida obro‘si oshdi. Xalq orasida uning reytingi 71 foizga ko‘tarildi.

Bu so‘nggi 10 yillikda Italiya bosh vazirlari orasida qayd etilgan eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, Kontening karantin vaqtida qilayotgan ishlarini 94 foiz italiyaliklar qo‘llaydi. Kontening instagramdagi o‘quvchilari soni ham 400 mingdan 750 minggacha oshdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa koronavirusga qarshi kurash uchun reytingi ko‘tarilishini kutmasa ham bo‘ladi, chunki mamlakatda infeksiyani yuqtirganlar soni 100 mingdan oshdi va bu borada Italiya va Xitoyni ortda qoldirdi. Odamlar AQSh virusning xavfiga noto‘g‘ri baho bergani oqibatida u butun mamlakatda juda tez tarqalganini aytishmoqda.

Tramp vaziyat jiddiylashgach, aksilinqiroz rejasini ishlab chiqishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra, AQSh inqirozdan chiqib ketish uchun 2,2 trillion dollar pul ajratadi. Senatorlar va quyi palata uni tasdiqlab bo‘ldi. Bu mamlakat tarixidagi eng katta pul sarflanadigan reja bo‘ladi. Bu pullardan 500 milliard dollari biznesni qo‘llashga, 50 milliardi aviakompaniyalarga yordamga, 350 milliard dollar kichik biznes vakillariga yordam berishga ajratiladi. Shuningdek, kasalxonalar va tibbiy jihozlar uchun 150 milliard sarflanadi. Hukumat karantin vaqtida daromadi kam bo‘lgan har bir fuqaroga 1 200 dollar, har bir bolaga esa 500 dollardan pul beradi.

Foto: EPA 

Dunyo yetakchilari haqida gapirganda Putinni eslamasak, xafa bo‘lsa kerak. Rossiyaga virus kirib kelgani mamlakat prezidenti uchun ikki hissa yomon xabar bo‘ldi. Chunki 22 aprelda uning vakolatlarini oshiradigan o‘zgarish uchun referendum o‘tkazilishi kerak edi. Karantin sabab umumxalq ovoz berish jarayoni qoldirilish arafasida.

Ammo Putin barchasini oddiy qabul qilmoqda. U rossiyaliklarga murojaat qilar ekan juda xotirjam ko‘rindi. Prezident odamlarga bir haftalik pul to‘lanadigan ta'til berdi va kamroq ko‘chaga chiqishlarini aytdi. Shaxsan o‘zi virusologiya kasalxonasiga bordi, bemorlar holidan xabar oldi. Hozir xalq ko‘ngliga referendum sig‘masligini aytishni ham unutmadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top