21:59 / 28.03.2020
38680
Koronavirus to‘g‘risidagi uydirmalar: axborot gigiyenasining 7 qoidasi

Internet va ijtimoiy tarmoqlar Covid-19 koronavirusi to‘g‘risidagi ma'lumot va xabarlarga to‘lib ketdi. Ekspertlar foydalanuvchilarni axborot gigiyenasiga rioya qilishga chaqirmoqda. Yolg‘on axborotlar tarqalishini to‘xtatish uchun siz nimalar qilishingiz mumkin?

1. To‘xtang va fikr yuriting

Siz albatta, yaqinlaringiz epidemiya to‘g‘risidagi so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lib turishini istaysiz. Shu bois elektron pochta, Whatsapp, "Feysbuk" yoki "Tvitter"da yangi axborotni olishingiz bilanoq uni boshqalarga tarqatishga shoshilasiz.

Ammo ekspertlarning fikricha, dezinformatsiyaga qarshi kurashda siz qiladigan birinchi ish – to‘xtash va fikr yuritish.

Koronavirus to‘g‘risida ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda tarqalgan xabarlar ko‘pincha vahima keltirib chiqaradi.

Masalan, mart o‘rtalarida Checheniston va Dog‘istondagi WhatsApp-guruhlarda erkak kishi aholini oziq-ovqatlar sotib olishga chaqirgan audioyozuv tarqaldi. Bu ovozni Checheniston ichki ishlar vazirining ovoziga o‘xshatgan odamlar bozorlarga yopirilishdi.

WhatsApp orqali axborot hujumlari uyushtirish barcha davlatlarda sodir bo‘lmoqda. Avstriyada bir ayol hayajon bilan kasalxonada ekanligi, koronavirusning og‘ir simptomlari aniqlangan barcha bemorlar ibuprofen ichganligi haqida gapirgan audioyozuv tarqaldi. Ayol o‘zini Poldi ismli qizning onasi deb tanishtirgan.

Bu yolg‘on: shifokorlar ibuprofenni koronavirusni faollashtiruvchi sabab sifatida ko‘rsatmagan, ammo foydalanuvchilar o‘z yaqinlarini chalg‘itgan holda bu yozuvni astoydil tarqatgan.

Xabarni kimgadir yuborishdan avval yaxshilab o‘ylang, uning yolg‘on ekanligi ehtimolga qanchalik yaqin va agarda sizda shubha tug‘ilsa, bu xabarni yubormang.

2. Manbani tekshiring

Xabarni yuborishdan oldin o‘zingizga bir oddiy savolni bering – bu ma'lumot qayerdan keldi?

Yuqorida aytilgan har ikki holatda ham manbalar noaniq edi. Internet segmentida asoslanmagan xabarlar ko‘pincha "dugonamning do‘sti" yoki "qo‘shnimning hamkasbi"dan keladi.

Bu esa deyarli har doim ushbu ma'lumot uydirma ekanligini bildiradi.

Mart boshida "Feysbuk"da "magistr amakimning maslahatlari" joylashtirilgan post ommalashdi. Snopes sayti u birinchi bo‘lib 84 yoshli angliyalikning sahifasiga joylashtirilgan degan taxminni bildirmoqda.

Ganalik teleboshlovchi bu post bilan o‘zining "Instagram" sahifasida bo‘lishdi, bu yerdan Hindistondagi katolik guruhlarida, keyin esa WhatsApp va "Tvitter"da tarqaldi.

Buning ustiga, post tarqalish jarayonida o‘zgarib ham bordi. Ayrim postlarda oqilona maslahatlar, masalan, qo‘llarni yuvish to‘g‘risidagi gaplar qolgan. Ammo virusni qanday aniqlash to‘g‘risida asoslanmagan tavsiyalar qo‘shilgan.

AQShda ham o‘tgan haftada shunday voqea ro‘y berdi: amerikaliklar "do‘stimning FQBda ishlaydigan do‘sti" va hatto "BMTdagi manba"ga asoslangan vahimali xabarlar olishdi.

"JSST, Britaniya sog‘liqni saqlash milliy xizmati va AQSh kasalliklar tarqalishi ustidan nazorat markazi axborotning eng ishonchli manbalari bo‘lib turibdi", - deydi Britaniyaning Full Fact faktlarni tekshirish tashkiloti xodimi Kler Miln.

Shuni ham qo‘shib qo‘yish lozim, bu tashkilotlarning faqat rasmiy bayonotlarigagina e'tibor qaratish kerak.

Ekspertlar adashishi mumkin, ammo ular "tanish shifokor" yoki diplomli amakidan ko‘ra ishonchliroq.

3. Balki bu soxtadir?

Tashqi ko‘rinish aldamchi bo‘ladi va ko‘plab uydirmalar rasmiy manbalarning hujjatlariga o‘xshatib tayyorlanadi.

Bu uydirmalar mualliflari yirik axborot tashkilotlari va hukumat muassasalari nomidan xabar tarqatadi.

Masalan, yaqinda Moskvada komendantlik soati joriy etilishi to‘g‘risidagi soxta buyruq tarqaldi. Hukumat buni inkor etdi.

Axborot tashkilotlari va davlat idoralarining rasmiy hujjatlarini hamda ularning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini soxtalashtirish qiyin emas. Uydirma mualliflari qo‘llaydigan yana bir usul – xabar skrinshoti ustiga matn qo‘shish.

Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda axborot, hukumat va jamoat tashkilotlarining faqat tekshirilgan akkauntlarigagina kirish kerak.

Har doim ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni ishonchli manbalardagi xabarlar bilan solishtirib ko‘rgan yaxshi. Agarda sizga shubhali tuyulgan post yoki video kelsa, uni albatta tekshirishni unutmang.

4. Shubhalandingmi – bo‘lishma

Agarda xabarning ishonchliligiga gumoningiz bo‘lsa, do‘stlaringiz va yaqinlaringizga yubormang. Bu muammolar keltirib chiqarishi mumkin, shuning uchun xabarni "har ehtimolga qarshi" yubora ko‘rmang.

Ko‘pchilik o‘zlarida shubha tug‘dirgan postlarni tasdiqlash yoki inkor qilish uchun ularni ekspertlar guruhiga joylaydi. 

Bunday qilish foydali, ammo guruhda post qo‘yishdan oldin bu postning to‘g‘ri ekanligiga shubha qilayotganingiz va maslahat olmoqchi ekanligingizni bildirganingizga ishonch hosil qiling.

Yana bir narsani yodda tuting, agarda siz joylagan post faol tarqala boshlasa, u o‘zgarib ketishi hech gapmas.

5. Faktlarni alohida-alohida tekshiring

WhatsApp’da koronavirus bilan bog‘liq keng ommalashgan uydirma aylanib yuribdi. Uni turli mamlakatlardagi bir necha o‘n kishi Bi-bi-siga jo‘natgan. Ushbu audiofaylda bir erkak "shifokor do‘sti bor hamkasbi"ning tavsiyalarini o‘qib beradi.

Unda foydali va asossiz maslahatlar sanab o‘tilgan.

Fakt va to‘qimalarni birgalikda keltirish targ‘ibotning asosiy usullaridan biri hisoblanadi. Masalan, sizga tavsiyalar ro‘yxati keldi, ro‘yxatda siz to‘g‘ri ekanligini aniq biladigan bitta tavsiya bo‘lsa, qolganlarini ham to‘g‘ri deb qabul qilishingiz hech gap emas. Ammo ro‘yxatning yarmi yoki uchdan biri to‘qimalardan iborat bo‘ladi.

6. Hissiyotga berilishdan saqlaning

Odamlarda hissiyot – qo‘rquv, notinchlik, qayg‘u yoki quvonch uyg‘otadigan xabar juda tez tarqaladi.

"Qo‘rquv – dezinformatsiyani harakatlantiradigan asosiy kuchlardan biri, u qo‘rquv tufayli "gullab-yashnaydi", - deydi jurnalistlarga dezinformatsiyaga qarshi kurashda ko‘maklashuvchi First Draft tashkiloti eksperti Kler Uordl.

"Odamlar hamisha yaqinlariga yordam berishni istashadi, shuning uchun "Virusga chalinmaslik uchun maslahatlar" yoki "Bu dorini qabul qiling!" degan yozuvlarga ko‘zi tushishi bilan, darhol harakatga tushadi", - deydi Uordl.

7. Haqiqat va tasavvurni ajrating

Siz xabarni uning ishonchli ekanligini bilganingiz uchun boshqalarga ham yuborasizmi yoki u sizning dunyo to‘g‘risidagi tasavvuringizga mos kelganligi uchunmi?

Demos institutining ijtimoiy mediani tahlil qilish markazi xodimi Karl Millerning so‘zlariga ko‘ra, biz ko‘pincha dunyo haqidagi tasavvurlarimizni tasdiqlaydigan postlarni boshqalar bilan bo‘lishamiz.

"Biz yolg‘on ma'lumot tasavvurimizga mos kelgan paytda unga ishona boshlaymiz. Xuddi ana shu vaqtda miya tahlil qilishdan to‘xtaydi", - deydi u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top