14:39 / 28.03.2020
9494
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi aholiga murojaat bilan chiqdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi respublikadagi mavjud epidemiologik holat yuzasidan aholiga murojaat bilan chiqib, vahimaga tushmaslikka chaqirdi.

Foto: KUN.UZ

“Ayni kunlarda koronavirus infeksiyasi butun dunyo ahli salomatligiga jiddiy xavf solib, mamlakatda ham yetarli xavotir uyg‘otmoqda. Ushbu kasallikka qarshi kurash bo‘yicha sa'y-harakatlar va amaliy ishlar davlat rahbari umumiy nazorati ostida o‘tkazilmoqda, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri rahbarligidagi maxsus komissiya tomonidan qisqa muddatlarda barcha topshiriq va ko‘rsatmalar kecha-kunduz bajarilmoqda.

Barchamiz shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilib, zaruriyat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmasligimiz, hech bir istisnosiz niqobda bo‘lishimiz, karantin bilan bog‘liq vaziyatni vazminlik va tushunish bilan qabul qilishimiz, turli asossiz va sarosima uyg‘otadigan yolg‘on xabarlarga ishonmasligimiz lozim. Infeksiyaning keng tarqalishiga sababchi bo‘lmaylik”, deyiladi murojaatda.

Keksalarni ehtiyotlash, ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatish zarurati vazirlik tomonidan alohida qayd etilgan.

“Xonadonlarimiz farishtalari – ota-onalarimiz, bobo-buvilarimiz, yoshi ulug‘ qo‘ni-qo‘shni va mahalladoshlarga har qachongidan-da ko‘ra ko‘proq g‘amxo‘rlik va e'tibor ko‘rsataylik. Ularning ahvolidan doimiy boxabar bo‘laylik, talab va istaklarini bajo keltirib, duolarini olaylik! Ayniqsa, yakka-yolg‘iz, beva-bechoralar, ehtiyojmand oilalarda yashovchilarning osh-ovqat va dori-darmonsiz qolib ketmasligi uchun muruvvat hamda saxovat yordamlarini ko‘rsataylik!

Sizlardan yurtimiz bo‘ylab koronavirus xavfining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan xayriya tadbirlarida imkon qadar ishtirok etish, muhtoj oilalar va ularning farzandlari uchun qo‘lingizdan kelgan yordamni ko‘rsatishda faol bo‘lishingizni so‘raymiz”.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova xotin-qizlarga alohida murojaat qildi.

“Bugun koronavirus pandemiyasi bizni bezovta qilib turgan bir paytda ko‘pni ko‘rgan mahalla faollari, kayvoni onalarimiz, muhtarama ayollarimiz, qo‘yingki, barchamiz quyidagi qoidalarga amal qilaylik. Avvalo, o‘z sog‘ligimizni asragan holda, sinovlarda sabr qilaylik, vahimaga berilmaylik.

O‘z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda, karantin joriy qilingan holatlarda qat'iy talablarga rioya etaylik. Shifokorlar tavsiyalariga amal qilaylik! Tobimiz qochsa, o‘zimiz shifokorga murojaat qilaylik! Shu murakkab vaziyatdan oddiy sog‘lom turmush tarziga rioya etish bilan inson o‘zini asrab qolishi mumkinligini tushunib yetaylik.

Biz oddiy, kichik, maishiy, global bo‘lmagan, deb baholagan omillarimiz aslida, umummillat salomatligini saqlashda katta rol o‘ynashini yodda tutaylik. Eng muhimi, kasallikning tarqalishiga sababchi bo‘lib qolmaylik!

Keksalarimiz, nuroniylarimiz, yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga har qachongidan ko‘ra g‘amxo‘r va e'tiborli bo‘laylik! Imkoniyati cheklangan qo‘ni-qo‘shnilarimiz, mahalladoshlarimizning osh-ovqati va dori-darmonidan xabardor bo‘lib, muruvvat-u saxovat yordamlarini ko‘rsataylik.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek xalqining ma'rifiy qiyofasini ko‘rsatish asnosida vahimali, tushkunlikka tushiradigan va inson ko‘ngliga ozor beradigan so‘zlarni so‘zlashdan tiyilaylik”, deyiladi Bositxonovaning murojaatida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top