14:35 / 28.03.2020
148268
Munosabat: Hukumat mamlakatda favqulodda holat e'lon qilishi kerak

Koronavirus pandemiyasi xavfi ortib borishi bilan qator davlatlarda favqulodda holat e'lon qilindi. O‘zbekiston hukumati maxsus komissiyasi tatbiq etayotgan chora-tadbirlar ham favqulodda holat sharoitida qabul qilinadigan qarorlardan chetda emas, aslida. Shunday ekan, favqulodda holat e'lon qilishning hukumat va xalqqa qanday nafi bor?

Foto: KUN.UZ

Favqulodda holat deganda davlatning butun hududida yoki uning alohida hududlarida barcha tashkilotlar uchun alohida huquqiy rejim bo‘lib, mamlakatda yashab turgan barcha shaxslar huquq va erkinliklarini, jamoat birlashmalarining huquqlarini cheklashga, shuningdek, ularga qo‘shimcha majburiyatlar yuklash kabi choralar belgilanishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning hayoti va xavfsizligiga yoki davlatning konstitutsion tuzumiga bevosita tahdid soladigan, favqulodda choralarsiz ularni bartaraf etish mumkin bo‘lmagan holatlar majmui tushuniladi.

Favqulodda holat e'lon qilinishida muayyan xavfga qarshi kurashuvchi hukumatning tezkor qaror qabul qilish imkoniyati oshadi, maqsadga erishishi osonlashadi. Masalan, tahdid va xavfga qarshi kurashda moliya-budjet yuritish ishida mustaqillik qo‘lga kiritiladi. Bundan tashqari, mavjud qonunchilik normalarini cheklab, vaqtincha tartiblar o‘rnatilishi mumkin.

Birinchidan, virus xavfini bartaraf etish uchun mavjud resurs va texnikalarni safarbar etishdagi byurokratiya chetlab o‘tiladi. Masalan, budjet pullari allaqachon tasdiqlangan, shuningdek "ichki cho‘ntakdagi" jamg‘arma pullaridan ham turli maqsadlarda foydalanish imkoniyati keng emas. Favqulodda holat e'lon qilingan taqdirda, hukumatning budjet va boshqa moliyaviy manbalarni boshqarish erkinligi oshadi. Qolaversa, mavjud texnika va ishchi kuchini safarbar etishda idoralararo byurokratiya chetlab o‘tiladi.

Ikkinchidan, virus xavfi keng tarqalib, avj olsa, davlat tomonidan fuqarolar shaxsiy huquq va erkinliklari cheklanishi kuzatiladi. Bunda aholi jamoat joyida bemaqsad bo‘lgani, karantin tadbirlari tartibini buzgani uchun jazolanishi mumkin. Boshqa nigohdan baho berilsa, qonunlarda belgilangan normalar ham buziladi: inson huquq va erkinliklari poymol etilishi mumkin. Shuning uchun, favqulodda holat e'lon qilinishi bilan davlat va jamiyatda "qo‘l boshqaruvi"ga o‘tish zarur. Bunda parlament qo‘llab-quvvatlovi talab etilmaydi va hukumat maxsus komissiyasi paydo bo‘lgan xavf davri uchun vaqtincha dekretlar qabul qiladi. Shu paytga qadar o‘rnatilgan tartib va qonunlar maxsus komissiya dekretlari bilan vaqtincha amal qilmasligi yoxud o‘zgartirilishi mumkin.

Uchinchidan, qabul qilingan xalqaro norma va rivojlangan ayrim davlatlar tajribasida mamlakat harbiylari, xususan armiya kuchlaridan ichki ishlarda foydalanish taqiqlangan. Shunga qaramay, favqulodda holat e'lon qilingan taqdirda hukumat armiya kuchlarini ham mahalliy hokimlik va idoralarga ko‘mak berish uchun safarbar etishi mumkin. Buning misoli harbiy tibbiy gospitallar qurilishi, karantinga olingan hududlarni qo‘riqlash hamda aholi tinchligini ta'minlash maqsadida postlar tashkil etishda ko‘rinadi.

Xulosa qilib aytganda, koronavirus pandemiyasi tarqalishiga kurash fonida hukumat murakkab qarorlar qabul qilishga majbur, ammo u o‘z sharoit va imkoniyatini favqulodda holat e'lon qilgan holda kengaytirishi mumkin. Virus nafaqat mamlakat aholisiga, balki bir vaqtning o‘zida iqtisodiyotga ham kuchli zarbalar bermoqda. Hukumat esa xalq osoyishtaligini ta'minlash, shu bilan birga, iqtisodiyotga yetayotgan zararni kamaytirishga intilishi lozim.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top