19:32 / 28.03.2020
57080
Toshkentda kuyov navkar tashkil qilgan shaxsga nisbatan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda – IIV

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 23 martdan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlanganiga qaramasdan Toshkent shahrida 2 ta holatda to‘y qilinayotgani aniqlangan. Ayni paytda ulardan biri, ya'ni karantin davrida kuyov navkar tashkil qilgan shaxsga nisbatan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Ayni kunlarda yurtimizda koronavirus keng tarqalishining oldini olish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yuridik va jismoniy shaxslarning karantin qoidalarini buzganligi uchun jazo choralari kuchaytirilgan.

Afsuski, ayrim shaxslar tomonidan to‘y va boshqa yig‘inlarni o‘tkazish holatlari kuzatilmoqda. Yurtdoshlarimizdan har qanday yig‘inlarni, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazmasliklarini talab qilamiz. Siz o‘tkazmoqchi bo‘lgan bu kabi tadbirlar oqibatida minglab odamlarga virus yuqish xavfi mavjud. To‘y qilaman deb o‘zingizni, yaqinlaringizni va boshqalarni salomatligini xavf ostiga qo‘ymang”, deya Shohruh G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari har qanday turdagi yig‘in o‘tkazish yoki unda qatnashish karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi, agar ichki ishlar organlari tomonidan cheklovlarga rioya qilmasdan to‘y yoki boshqa yig‘in o‘tkazayotgan shaxs aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.

Avvalroq senat raisi Tanzila Norboyeva aholini karantin davrida to‘y qilmaslikka va ma'rakalarni diniy idoralar tavsiyasiga asosan o‘tkazishga chaqirgan edi.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Ajal kelmasa, hech narsa bo‘lmaydi”, “O‘ldirsa ham osh o‘ldirsin» [qabilida fikrlash] bu – intizomsizlik, bu birinchi navbatda – jinoyat, bunday mas'uliyatsizlik qahramonlik emas!” deb aytgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top