23:58 / 28.03.2020
68443
Yunusobodda ogohlantirishga qaramasdan to‘y qilgan shaxslar javobgarlikka tortildi - IIV

Toshkent shahar Yunusobod tumani 4-mavze «Qashg‘ar» mahallasida yashovchi fuqaro bir kun oldin mahalla raisi va profilaktika inspektori tomonidan ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib joriy etilgan karantin qoidalariga amal qilmay to‘y qilgan.

IIV axborot xizmatining ma'lum qilishicha, to‘y to‘xtatilgan, uning tashkilotchilari javobgarlikka tortilgan.

«Vazirlar Mahkamasining shu yil 176-sonli qarorida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgunga qadar har qanday to‘y marosimlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazish to‘xtatilishi belgilangan. Biroq bu vaziyatni to‘liq anglamasdan, belgilangan cheklovlarga qarshi harakatlarni sodir etayotgan fuqarolarimiz ham uchramoqda.

Joriy yilning 28 mart kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani 4-mavze «Qashg‘ar» mahallasida karnay-surnay sadolari eshitildi. Holatdan xabar topgan hudud profilaktika inspektori voqea joyiga borganda karantin davrida oilaviy tadbir o‘tkazilayotganligini aniqladi», — deydi Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i Muzaffar Saidazimov.

Qayd etilishicha, oilaviy tadbirdan bir kun avval profilaktika inspektori va mahalla raisi xonadon egasi bilan uchrashib, tadbirni o‘tkazmaslik haqida ogohlantirgan bo‘lishiga qaramay, mazkur marosim baribir o‘tkazilgan.

«To‘y qilmaslik haqida ogohlantirilgandim, lekin hukumat qarorida uch kishidan ortiq kishi jamoat joylarida to‘planmasligi kerak, qarindoshlar bundan mustasno, deb yozilgandi, adashmasam. Shuning uchun jamoat joylaridamas, uyimizga 4-5 kishilik kuyov navkar kelib, kelinni olib chiqib ketmoqchi edi. To‘yni karantin tugagandan keyin qilmoqchi edik», — deydi qizini uzatayotgan xonadon egasi.

«Marosim uchun yozilgan dasturxon, yoshlarning yugur-yuguriyu, esdalik uchun tasvirga olish jarayonlari — bularning barchasi sanitariya holatlariga mutlaqo zid. Tadbir tashkilotchilari esa ichki ishlar bo‘limida o‘tiribdi.

Yurtdoshlarimizga bu holatdan o‘rinli xulosa chiqarishni, karantin cheklovlari va talablarini to‘liq bajarishlarini so‘raymiz. Aks holda, javobgarlikka tortilishingiz, uning oqibatidan o‘nlab insonlarning salomatligini xavf ostiga qo‘yishingiz mumkin», — deyiladi IIV axborot xizmatining xabarida.

Top