16:35 / 29.03.2020
85175

Karantin uchun maxsus qurilayotgan ilk hududdan reportaj: Obekt 4 kunda foydalanishga topshirildi

O‘zbekistonda qurilgan ilk karantin hududi to‘rt kunda foydalanishga topshirildi. Ayni paytda, hududda ikkinchi blok ham qurib bitkazilgan.

28 mart kuni Kun.uz muxbiri Toshkent viloyati O‘rtasaroy hududida tashkil etilgan karantin hududi bilan yaqindan tanishdi. Moslashtirilgan konteynerlardan tayyorlangan o‘ziga xos yashash xonalari barcha zaruriy maishiy texnika hamda gigiyenik vositalar bilan jihozlangan.

Obektda ishlarni tashkil etish va bajarishga Qurilish vaziri o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatov mas'ul etib biriktirilgan.

Sherzod Hidoyatov

«Prezidentimiz topshirig‘i bilan, mana shu hududda bir vaqtda 10 ming kishini qabul qilish imkoniga ega karantin hududi tashkil etilishi belgilangan.

Ayni paytda hududning 650 kishi uchun mo‘ljallangan birinchi bloki foydalanishga topshirildi. Shuningdek, hududning ikkinchi bloki 29 martga o‘tar kechasi foydalanishga topshiriladi», – deydi vazir o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov.

Ta'kidlanishicha, karantin hududiga, asosan, xorijdan maxsus reys bilan evakuatsiya qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolari hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar joylashtirilmoqda.

Agar ularda kasallik simptomlari kuzatilsa, kuzatuvdagi shaxslar zudlik bilan maxsus shifoxonaga o‘tkaziladi. Ularning salomatligi hududda yashayotgan tibbiyot xodimlari nazoratida.

«Yer va montaj ishlari tayyorlanishi bilan, Toshkent shahridagi Toshkent mexanika zavodida tayyorlangan konteynerlar yuk mashinalarda O‘rtasaroyga keltirilmoqda», – deya qo‘shimcha qildi Hidoyatov.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, Toshkent mexanika zavodida birlamchi xizmatga uch mingga yaqin ishchi jalb etilgan. Shuningdek, O‘rtasaroy hududida 2,5 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilyapti. Ularning salomatligini saqlash maqsadida, bloklar orasida 100 metr oraliq masofa saqlanmoqda. Bu bilan karantinga olingan shaxslar yashash joyidan uzoqda ish tashkil etishga erishilgan.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatovning ta'kidlashicha , qurilish obekti shaxsan hukumat rahbari Abdulla Aripov nazoratida. Qurilish materiallari va moliyalash manbalari bilan muammo yo‘q.

«Xodimlar tezkorlik bilan suv, energiya, kanalizatsiya-oqava ishlarini montaj qilyapti. Keyin konteyner o‘rnatiladi va u jihozlanadi. Konteyner tayyorlanayotgan zavodda birdan konditsioner va yotoq joylar o‘rnatilmoqda.

Hududning umumiy maydoni 55 gektar. Amaldagi rejaga ko‘ra, bu yerda 10 ming kishi qabul qiladigan karantin hududi quriladi. Ammo vaziyat taqozo etsa, karantin hududini ikki baravar kengaytirish uchun zaxira rejasi mavjud», – deydi u.

Konteynerda to‘rt kishi istiqomat qilishi mumkin. Unda televizor, konditsioner, telefon, zarur gigiyenik vositalar, hammom va hojatxona, ish stoli bor.

Har bir konteynerga kirishda kichik hovli va yuklarni joylashtirish uchun maxsus javon qurilgan.

Davron Hidoyatovning aytishicha, karantinga olingan shaxslar xavfsizligi maxsus xodimlar tomonidan himoya qilinmoqda.

Karantin hududiga kirish va chiqish qat'iy nazoratda, shuningdek kamera kuzatuv vositalari o‘rnatilgan.

Karantinga olingan shaxslarga oziq-ovqat, zarur ichimlik va yeguliklar bepul yetkazib berilishi tashkil etilgan.

Karantin hududidan Toshkent shahriga qaytishda bir o‘y tinimsiz xayolda o‘ynay boshladi: koronavirus xavfi xalqimizni yanada yaqin qildi. Quruvchilar ham shifokorlardan kam bo‘lmagan qahramonlik ko‘rsatib, tez fursatda belgilangan vazifalarni bajarmoqda. Xususiy tadbirkorlar, korxona va ishlab chiqarishga rahbarlar hasharga beminnat hissa qo‘shmoqda.

Boshqalardan so‘raladigan birgina talab esa o‘rnatilgan tartibni buzmaslik va uyda qolish.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi Otaxon Yusupov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top