10:14 / 29.03.2020
161077
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlanish holatlari 133taga yetdi, 7 bemor sog‘aydi

O‘zbekistonda koronavirusdan zararlangan bemorlarning 7 nafari sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, ular shifoxonadan chiqarilib, reabilitatsiya markaziga o‘tkazilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy kanalida xabar qilinishicha, 29 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 29taga oshib, jami holatlar soni 133taga yetgan.

Vazirlik bemorlarning 7 nafari tuzalgani to‘g‘risida ham ma'lumot bergan.

«Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab tahdid solib turgan bir paytda, yurtimizda ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat'iy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimiz sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda kurashmoqdalar.

Quvonarli jihati, fidoyi va vatanparvar shifokorlarimiz sa'y-harakati tufayli yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimizning dastlabki 7 nafari butunlay sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas'ullar tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya tibbiyot markaziga kuzatib qo‘yildi. Kasallikdan xalos bo‘lgan fuqarolarimiz ma'lum muddat shu yerda karantinda bo‘lishadi. 

Ma'lumki, davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari oldiga koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning hayotini saqlab qolishni asosiy vazifalardan biri sifatida qo‘ygan edilar. Ushbu da'vatdan ruhlanib, bor tajriba va mahoratlarini ishga solishgan shifokorlarimiz fidoyiligi bir guruh bemorlarimizning sog‘ayishini ta'minladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xastalikdan forig‘ bo‘lgan bemorlarimizning ham quvonchi cheksiz. Ular Prezidentimizga, fidoyi shifokorlarimiz, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yordam berayotgan barcha insonlarga chuqur minnatdorlik bildirishmoqda, duo qilishmoqda. Ushbu quvonch ko‘z yoshlari ayni paytda infeksiya tarqalib ketishining oldini olishda kecha-yu kunduz tinmay mehnat qilayotgan barcha insonlar faoliyatiga munosib baho, munosib ehtiromdir. 

Eng muhimi, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasi rivojiga bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan alohida e'tibor qaratilgani koronavirus balosiga qarshi samarali kurashish uchun zamin yaratdi. Endilikda esa yurtimizning barcha hududlarida maxsus shifoxonalarning jadallik bilan qurilayotgani, zarur tibbiy uskunalar, jumladan, 300 mingta ekspress-test hamda 500ta sun'iy nafas oldirish apparatlarini xarid qilish choralarining ko‘rilayotgani shifokorlarimiz faoliyati samaradorligini yanada oshirishi shubhasiz. Bu esa ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan xastalangan bemorlarimizning sog‘ayib ketishlarida muhim ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida barcha resurslar ishga solinib, zarur va qat'iy choralar amalga oshirilayotgan bir paytda fuqarolarimiz ham ushbu jarayonga mas'uliyat bilan qarashlarini, xastalik alomatlari sezilganda, yashirmasdan zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz. Bu bilan nafaqat koronavirus infeksiyasining dahshatli oqibatlaridan o‘z sog‘lingizni himoya qilasiz, balki oilangiz, yaqinlaringiz va butun jamiyat uchun ham yaxshilik qilgan bo‘lasiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top