08:01 / 29.03.2020
54275

Saudiya Arabistoni poytaxtiga berilgan raketa zarbalari bartaraf etildi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya yamanlik husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga va Yaman bilan chegarasidagi Jizon shahriga uchirilgan ikkita raketani urib tushirdi.

Foto: AP Photo/Hassan Ammar

Bu haqda koalitsiya vakili polkovnik Turkiy al-Malikiyga tayanib Sky News Arabia telekanali xabar berdi.  

“Sano va Sa'ddan uchirilgan ikkita raketa Ar-Riyod va Jizon ustida Saudiya Arabistoni havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirildi. Jabrlanuvchilar yo‘q”, deb ma'lum qilingan xabarda. 

Al-Malikiyning ta'kidlashicha, raketalar uchirilishiga husiylar va Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi aloqador bo‘lib, bu hujum ushbu kuchlar qanday xavf solishini ko‘rsatadi.

O‘z navbatida Saudiya Arabistoni matbuot agentligi harbiylarga tayanib, havoda yo‘q qilingan ballistik raketalar qoldiqlarining yerga tushishidan ikki fuqaro yengil jarohatlar olganini ma'lum qilgan.

Top