09:30 / 30.03.2020
67494
Islomda tijorat, savdogar va xaridor odobi. Rahmatulloh qori Sayfuddinov bilan suhbat

Islomda tijorat odobi qanday? Payg‘ambarlar shug‘ullangan sharafli kasb egalari nima uchun nafsini ustun qo‘ymoqda? Xaridor va sotuvchining o‘zaro munosabati qanday tartibga solinishi kerak? Musulmon inson vabo chiqqanida qanday manzilada bo‘lishi kerak?

«Mirza Yusuf» jome-masjidi imom xatibi Rahmatulloh qori Sayfuddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu kabi savollar bo‘yicha Islom ta'limoti haqida so‘z yuritdi.

Bandaning rizqi kech qolishi mumkin, lekin adashmaydi

– Albatta, tijoratning odobi bor. Alloh subhanahu taolo Mulk surasida marhamat qiladi: «Alloh taolo shunday zotki, sizlarga yerni bo‘ysundirib qo‘ydi, uning istalgan joyida yurib, rizq izlanglar. Lekin, unutmanglarki, qaytish Allohning huzurigadir».

Demak, biz rizq talabida bo‘lamiz va uni halol yo‘l bilan talab qilishga buyurilganmiz. Ahli sunna val-jamoa e'tiqodida rizq halolga va haromga bo‘linadi. Halol rizqda Alloh rozi bo‘lsa, harom rizq uchun Alloh jazo beradi.

Endi banda tijorat qilib, ziroat, sanoat, dehqonchilik, bog‘dorchilik yoki chorvachilik bilan halol rizq talabida bo‘ladi.

Bandaning rizqi kech qolishi mumkin, lekin adashib ketmaydi. Birovning rizqi boshqa birovga o‘tib ketmaydi. O‘sha rizq kelishi bandani haromdan topishga yetaklamasligi kerak. Bugun shu narsa ro‘y bermoqda. Halol rizqini ozgina noto‘g‘ri tushuncha bilan, qanoatsizlik, insofsizlik bilan haromga aylantirib qo‘yish ko‘zga tashlanmoqda ayrim savdogarlar misolida.

Savdogarlik sharafli kasb – payg‘ambarlar kasbi

– Bilasizmi, savdogarlik sharafli kasb. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vasallam aytganlarki: «Rostgo‘y, sadoqatli, ishonchli, halol savdogar payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan barobar bo‘ladi».

Darajasi shunchalik, lekin, aksiga olib, insofsiz savdogar bo‘lsa, uning joyi eng tuban joyda ham bo‘ladi. Demak, tijoratning birinchi odobi shuki, tijoratchi niyatni to‘g‘irlamog‘i kerak.

«Men tijorat qilib, xalqim yaxshi-yomon kunida unga xizmat qilib, yordam beraman», deb chiqsa, tijorati ibodat bo‘ladi. Aksincha, «bugun men foydalanib qolaman, hamma olyapti, 10 so‘mlik narsani 30 so‘m qilaman», desa, niyat yomonligi uchun Alloh taoloning qahri keladi.

Tijorat bilan inson oxiratining oqibatini aniqlab olishi ham mumkin

– Tijoratning ikkinchi odobi – tijoratchi tijoratning ilmini bilishi kerak. Sababi, banda nafaqat tijoratdan rizq topadi, balki savob yoki gunoh ham topishi mumkin. Baxt-saodat yoki shaqovat topishi mumkin. Oxiratini tijoratdan aniqlab olishi mumkin.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo shuning uchun aytgan edilar: «Men uchun Allohning yo‘lida o‘lishdan keyingi o‘rinda tijorat mollarimning orasida jon berish suyuklidir».

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam tojir bo‘lganlar va bunda boshqalarga o‘rnak bo‘lganlar. Tijoratchi foyda ko‘rish bilan birga, zarar ko‘rish ehtimolini ham bo‘yniga oladi. Shuning uchun Islom tijoratni halol qildi. Shuning uchun Alloh riboni harom qildi. Chunki, riboda kuyib qolish yo‘q. Sudxo‘r doim foydada bo‘ladi, ikkinchi tomon zararda bo‘ladi.

Vojib yoki sunnat savobini topish o‘rniga gunohkor bo‘lish haqida

– Inson doim ikkita qoida o‘rtasida bo‘ladi. «Foydani jalb qilish» va «zararni daf qilish». Lekin, uchinchi qoida ham borki, zararni daf qilish foydani jalb qilishdan muqaddam turadi. Bu nima degani? Masalan, qarindosh-urug‘chilik, silai-rahm Islomda vojib amal. Bemorning holidan xabar olish sunnat amal. Lekin, hozirgi vaqtda shu ikkisi xavfli bo‘lib turibdi. Shu bois, zarar ochiq-oydin bo‘lib turgan vaqtda bu amallarni ado qilish to‘xtab turadi.

Yo‘q, men vabodan qo‘rqmayman, deb bu vojib va sunnat deb, aynan virusga chalingan bemorning ziyoratiga boraversak, yoki qarindosh-urug‘lar bilan bordi-keldini davom ettiraman deyaversak, biz vojib va sunnatni (savobini) topgan bo‘lmaymiz, balki gunohkor bo‘lamiz. Chunki, shariat bu yerda qoida qo‘ydi: zararni daf qilish foydani jalb qilishdan muqaddam turadi. Bunga rioya qilmoq kerak.

Tijorat ilmini bilmaganlar bozorimizda savdo qilmasin

– Qoidalarning yana biri shuki, savdogar odam, yuqorida aytganimizdek, tijorat ilmining ahkomini o‘rgansin. Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Bizning bozorimizda tijorat ilmini bilmaganlar savdo qilmasin», deganlar.

U zot xalifalik vaqtlarida bozorda shunday bir ishni yo‘lga qo‘ygan edilarki, ma'lum bir guruh a'zolari savdogarlarni savdo ilmini bilishi yoki bilmasligidan imtihon qilardi. Agar, savdo ilmini bilmasa, u savdogar o‘rganib kelishi uchun bozordan chiqarib yuborilardi.

Bu nima uchun tashkil qilingan? Insonga zarar yetkazmaslik uchun, birovga qimmatga sotib qo‘ymasligi uchun, birovning molini ko‘proq sotib olmasligi uchun tashkil etilgan.

Ommaviy sinovlar – savob ishlab olish uchun qulay fursat

– Endi Islom dini shunchalik choralarni yo‘lga qo‘ygan ekan, biz qayerdan jur'at topib, vabo vaqtida molning narxini oshirishga kirishayapmiz. Qaysi jur'at bizni bu ishga olib boryapti? Allohdan qo‘rqmaymizmi?!

Qaytanga hozir – savob ishlab olish fursati. Ommaviy sinovlar kelgan vaqtda musulmonchilikning o‘z tadbirlari bo‘lgan. Misol uchun, Hazrati Umar roziyallohu anhu davrlarida ocharchilik, qahatchilik keladi. Shunda u zot o‘g‘rilarga jazo berishni to‘xtatib turganlar, «biz o‘zimiz odamlarga ish topib bera olmayapmiz, odamlarning halol rizq bilan kun kechirishlariga imkon qilib bera olmayapmiz, ba'zi odamlar o‘g‘irlik sodir etib qo‘ysalar, ularning qo‘lini kesishimiz, insof-odamgarchilikdan bo‘lmaydi» deb, vaziyat o‘nglanmaguncha qo‘lni kesish amrini to‘xtatib turganlar.

Bu – davlat tomonidan ko‘riladigan chora-tadbirlar. Davlatimiz, hukumatimiz ham soliq borasida xalqqa, tadbirkorlarga yengilliklar beryapti. O‘ylab ko‘rsak, xalqni uyga qamab qo‘yib, kim maza qiladi, kimga foyda? Hech kimga, balki o‘sha xalqning xavfsizligi uchun, uyingda o‘tir, deyilmoqda.

Tijoratda bosh omil – shaffoflik va aniqlikdir

– Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdlari Imom Muhammaddan so‘ragan ekanlar: «Taqvo haqida biror narsa yozmaysizmi?» Shunda u kishi, «Yozib qo‘yganman-ku», dedilar. «Qayerda yozganingiz?» «Ana o‘qinglar, Kitobi Bay – Savdo kitobini yozib qo‘yganman-ku», dedilar.

Ya'ni savdo kitobini yozib qo‘yganman, hammasi taqvoga asoslangan, demoqchi bo‘lyaptilar. Bu kitobni o‘qisangiz, savdoda birinchi qo‘yiladigan talab – shaffoflik, aniqlik ekaniga e'tibor qilasiz.

Shirkat bo‘ladigan bo‘lsa, hamma tomon aniq bo‘lishi, yashirilgan narsa bo‘lmasligi, ochiq-oydin bo‘lishi kerak. Nima uchun desa, o‘rtaga adovat tushib qolmasligi, sheriklar urishib qolmasligi, janjal kelib chiqmasligi uchun, deyiladi.

Savdo kitobini o‘qiganimizda, nafaqat taqvo kitobi ekaniga, balki Islom dini qanchalik tinchlik dini ekaniga ham amin bo‘lamiz.

Narx-navoni bozor belgilaydi

– Ulamolar, tavsiya ma'nosida, sotiladigan mol tannarxining 30 foizigacha qo‘yishni tavsiya qilganlar. Bu – tavsiya, qat'iy buyruq emas. Chunki narx-navoni bozorning o‘zi belgilaydi.

Odamlar hazrati Umar roziyallohu anhuga kelib, «Ey mo‘minlar amiri, bozorni tartibga solib bering, narx-navolar o‘ynab ketyapti», deganlarida: «Bozorni Alloh taoloning o‘zi boshqaradi», deganlar.

Ya'ni, nima demoqchilar – bozor shunday narsaki, narxni o‘zi bichadi. Ba'zi narsalarning ustiga 5 foiz qo‘ysangiz ham sotolmaysiz, ba'zi narsalarga 50-100 foiz qo‘ysangiz ham foyda qolmaydi. Narxni bozor muhitining o‘zi belgilab beradi. Lekin har doim savdogarning insofi oldingi o‘rinda turadi.

Sotishda, xarid qilishda va haqini talab qilishda bag‘rikeng bo‘lish haqida

– Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi va Ibn Moja rohimahulloh buyuk sahobiy Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Nabiy sallollohu alayhi vasallam: «Alloh taolo sotganda ham, sotib olganda ham, haqini talab qilganda ham bag‘rikeng bo‘lgan bandasini rahm qilsin», deganlar.

Masalan, sotayotgan odam – sotuvchining odobi. Sotuvchi xaridorga arzonroq qilib bersin. Savdolashishga haqi bor, foydasini qo‘yishga haqi bor, lekin shu narsada iloji boricha, bag‘rikeng bo‘lsin.

Xaridorning odobi esa, bir so‘mning ustida yumalab, talashib tortishmasin-da, bag‘rikeng bo‘lsin, ko‘proq bo‘lsa ham ziyoda qilib bersin.

Haqini, masalan, qarzini talab qilayotgan odam, muhlat bersin, shu vaqt mobaynida unga savob borib turadi. Yoki kechib yuborsin.

Marhamat ko‘rsatganga, marhamat ko‘rsatiladi

– Hazrati Rasuli akram alayhissalomning hadisi-shariflarida keladi. «Bir odamning ruhini qabz qilishdi va dedilarki, qaranglar-chi, buning bir solih amali bormi? Hech bir solih amal topilmayapti. Uning o‘zidan so‘rashdiki, sening yaxshi amaling yo‘qmi, u kambag‘allarga bergan qarzlari qaytarilmasa, kechib yuborishini esladi. Shunda Alloh taolo uning gunohlarini kechib yuboringlar, degan. Ya'ni bandamizki, bandamizga shunday marhamat ko‘rsatibdi, marhamat ko‘rsatishga Biz haqlimiz, deydi Alloh», degan Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam.

Jamiyatda botil yo‘l bilan mol topish ko‘paysa, u yerga o‘lim olib keladigan vabolar keladi

– Alloh subhanahu taolo Qur'oni Karimda: «Mollaringizni o‘zaro botil yo‘l bilan yemanglar, o‘zaro rozilik ila savdo-sotiq bilan bo‘lsa, mayli, o‘zingizni-o‘zingiz o‘ldirmang», deb marhamat qiladi. Shu yerda bir qiziq holat bor: o‘zini-o‘zi o‘ldirish bilan molni botil yo‘l bilan yeyish o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

Bog‘liqligi shundaki, jamiyatda riboxo‘rlik, molni botil yo‘llar bilan, birovning molini hazillashib yoki kuch-qahr bilan, yo bo‘lmasa hiyla bilan, yoxud qimor o‘ynab o‘zlashtirish, birovning haqidan qo‘rqmaslik ko‘paysa, u yerga o‘lim olib keladigan vabolar keladi, deyiladi. Shuning uchun, Alloh taolo yuqoridagi oyatda «botil yo‘l bilan mollaringizni yemang», degandan so‘ng, «o‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang», demoqda.

Shu bois, bozorlarda, supermarketlarda ishlab turgan yurtdoshlarimiz, birodarlarimiz, opa-singillarimizdan iltimos qilardikki, o‘zingiz ishlab topayotgan halol pulingizni ozgina e'tiborsizlik yoki ozgina qanoatsizlik, ozgina qizg‘onchiqlik bilan haromga aylantirib qo‘ymang. Aksincha, savob qozoning, chunki baraka raqamlarda, sonlarda emas. Baraka insonning axloqida, fe'l-atvorida.

Go‘zal axloqli savdogarlar bois millionlab insonlar Islomni qabul qilgan

– Musulmon tijoratchi doimo go‘zal-ahloqqa ega bo‘lgan. Malayziya, Indoneziya va Filippin mamlakatlariga Islom dini halol savdogar ajdodlarimiz orqali kirib borgan. Ular borib, Islomga da'vat qilmaganlar, ular o‘zlaridagi savdogarlik axloqini namoyon qilganlar, xolos. Halol, pokiza, ishonchlik, xushmuomala va bag‘rikeng bo‘lganlar. Tabiiyki, yerlik xalqda savol tug‘ilgan: bular qanday odam, farishtalarmi, deb ularning kim ekanliklariga qiziqqanlarida musulmon ekanliklari haqida javob olishgan.

Savdogarlar: «Biz musulmonlarmiz, bizning dinimiz savdoda shunday bag‘rikeng bo‘lishga, rostgo‘ylikka chaqiradi, sadoqatga, to‘g‘riso‘zlikka, xushmuomala bo‘lishga chaqiradi», deb javob berganlar. Shu bilan yerlik aholida Islom diniga qiziqish uyg‘otganlar. U yerdagi millionlab insonlar savdogarlarning go‘zal axloqlari bois musulmon bo‘lganlar.

G‘ayrioddiy juma haqida

– O‘tgan juma g‘ayrioddiy juma bo‘ldi. Juma kuni juma namozi yo‘q, masjidlar bor, namozxoni yo‘q. Azon aytildi, ammo iqomat aytilmadi.

Barcha ne'matlarning kaliti istig‘forda

– Hazrati Nuh aytyaptilar: «Men qavmimga aytdim: Robbingizga istig‘for ayting. Robbingiz gunohlarni kechirguvchidir. Robbingiz, istig‘for aytsangiz, yordam beradi, farzandlar beradi, yomg‘ir yog‘diradi, boylik beradi, ocharchilikni ko‘taradi», degan oyatlar kelgan.

Vabo ko‘tarilsa-yu, ko‘zimiz, qalbimiz ochilmasa, eng katta balo o‘zimiz bo‘lamiz

– Agar yo‘llar, maktablar, bog‘chalar, oliygohlar, masjid-madrasalar ochilsa-yu, ko‘zimiz ochilmasa, qalbimiz, vijdonimiz ochilmasa, bu yer uchun bizning o‘zimizdan yomonroq vaboning o‘zi qolmaydi.

Biz o‘zimiz vabo bo‘lib qolamiz.

Agar tijoratchi xalq o‘ngi-so‘liga qaramay olyapti, deb oddiygina isiriqni falon pulga sotadigan bo‘lsa, vaboning ustiga vabo bo‘lmaydimi? Bu o‘lganning ustiga tepish deyiladi. Hozir savdogarlarimizning savob qozonadigan davri keldi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Top