19:06 / 30.03.2020
16298

OAV xodimlariga transport stikeri berilmasligi ma'lum qilindi

Avtotransportdan foydalanish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnoma ommaviy axborot vositalari xodimlariga berilmaydi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovga tayanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

30 martdan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida transport harakati cheklandi. Faqatgina maxsus ruxsatnoma – stiker asosida harakatlanish ma'lum toifa haydovchilargagina ruxsat beriladi.

Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovga ko‘ra, OAV xodimlariga stiker berilishi nazarda tutilmagan.

«Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, ruxsatnomalar (stikerlar) faqat muayyan faoliyatlarni amalga oshirish uchun biriktirilgan avtotransport vositalariga taqdim etiladi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining avtomobillariga maxsus ruxsatnoma taqdim qilish ko‘zda tutilmagan», dedi u AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifingda.

Eslatib o‘tamiz, maxsus ruxsatnoma asosida avtomobilda harakatlanish imkoniga ega haydovchilar quyidagilar:

oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tashkilotlarda doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;

Sanitariya va gigiyena mahsulotlarini (koronavirus infeksiyasidan himoyalovchi va dezinfeksiya qiluvchi vositalar) ishlab chiqaruvchi va chakana savdo, dorixona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari;

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari.

Shuningdek, harakatlanishda ruxsatnoma talab etilmaydigan transport vositalari ro‘yxati ham mavjud.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top